O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash Bosh kotibi bilan muzokaralar to‘g‘risida
2023-01-23 | Siyosat
2023-yil 23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov mamlakatimizga Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashida hamkor tashkilot sifatida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) Bosh kotibi Qayrat Saribay bilan uchrashdi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston tomoni OHICHKni Osiyo mintaqasida barqarorlik va inklyuziv rivojlanishga ko‘maklashish yo‘lida muloqotni mustahkamlashning muhim platformasi deb biladi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz ushbu tuzilma faoliyatidagi ishtirokini sezilarli darajada kuchaytirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yil oktyabr oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan OHICHK sammitida eʼlon qilingan tashabbuslarni kompleks tarzda amalga oshirish, yoshlar siyosati, ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohalarida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.
O‘zbekiston 2020-2023-yillarda OHICHKning insoniy o‘lchov bo‘yicha ishonchni mustahkamlash chora-tadbirlari koordinatori va Yoshlar kengashi hamraisi hisoblanadi. Ushbu tuzilma doirasida rejalashtirilgan tadbirlar jadvali, jumladan, joriy yilning aprel oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Yoshlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi muhokama qilindi.
Muzokaralarda mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi