O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Energiya ta’minotini yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi
2023-01-20 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-yanvar kuni energiya ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi hamda gidroenergetika tarmog‘idagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda energetika tizimini rivojlantirishda barcha manbalardan foydalanilmoqda. Mavjud quvvatlarni mustahkamlash bilan birga quyosh, shamol va gidro elektr inshootlari barpo etilmoqda.
Xususan, so‘nggi yillarda gidroenergetika yo‘nalishida 500 million dollarlik 27 ta loyiha amalga oshirilib, qo‘shimcha 260 megavattli quvvatlar yaratildi. “O‘zbekgidroenergo” tizimidagi stansiyalarning umumiy quvvati 2 ming megavattdan oshdi. Bu – yiliga 2 milliard kub metr tabiiy gaz tejalmoqda, degani.
Joriy yilda 197 megavattli 7 ta loyiha va 10 ta mikro gidroelektr stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Yana 438 megavattli 8 ta istiqbolli loyiha va 50 ta mikro GES qurish bo‘yicha ishlar boshlanadi.
Davlatimiz rahbari gidroenergetikada salohiyat yuqoriligini ta’kidlab, quvvatlarni keskin oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bu borada mikro gidroelektr stansiyalar qurish mumkin bo‘lgan 250 ta maydon aniqlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kelgusida bu inshootlarda yiliga 675 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarib, 200 million kub metr gazni tejash mumkin.
Mikro GESlardan elektr energiyasini yuqori narxlarda sotib olish yo‘lga qo‘yilgach, sohaga tadbirkorlar qiziqishi ortdi.
Gidro energetika inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda shamol va quyoshga moslashgan gibrid stansiyalar qurish bo‘yicha topshiriq berildi. U yerlarda tayyor infratuzilma borligi hisobiga xarajatlar kam bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari sohada mahalliylashtirish masalasiga ham to‘xtaldi. “Suvsanoatmash” aksiyadorlik jamiyatida mikro GES uskunalari, Toshkent viloyatida gidroagregatlar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi.
Suv omborlarini boshqarishni raqamlashtirish, kadrlar malakasini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda aholini energiya bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Prezidentimiz mavjud barcha zaxiralarni ishga solish, yangi va istiqboldagi loyihalarni muddatidan kechiktirmagan holda amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Energiya tanqisligi sharoitida kunlik ishlab chiqarishni ko‘paytirish, resurslarni adolatli va samarali taqsimlab, joylarga izchil yetkazib berish, uzilishlarni tezkor bartaraf etish vazifalari belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti