O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
2023-01-18 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari sud hokimiyati mustaqilligini hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bilan bir qatorda fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish imkonini berdi.
Shu bilan birga “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirishni, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etishni talab etmoqda.
2022 – 2026 - yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish maqsadida:
1. 2023 – 2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Strategiya doirasida quyidagilar odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari etib belgilansin:
“Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirish;
adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish;
fuqarolar hamda tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashгa qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish;
sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron ma’lumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish;
sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish, sudga hurmatsizlik qilish va sud ishiga aralashish holatlarining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqish;
sud qarorlarining qat’iy ijrosini ta’minlash, bu borada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning mas’uliyatini oshirish;
sudyalar va sud xodimlarida yuksak muomala madaniyatini shakllantirish orqali sudga murojaat qilgan har bir fuqaro va tadbirkorda suddan, pirovardida esa davlatdan rozilik hissini uyg‘otish.
2. 2023 – 2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Harakatlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oliy sud (B.Islamov), Sudyalar oliy kengashi (X.Yodgorov), Bosh prokuror (N.Yo‘ldoshev), shuningdek, mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari Harakatlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi uchun shaxsan mas’ul etib belgilansin.
3. Oliy sud tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi bilan birgalikda jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish maqsadida quyidagilarni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish;
viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish;
viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish;
yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyatini yuklash.
Oliy sud (B.Islamov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda taklif etilayotgan yangi tartibni amaliyotga o‘z vaqtida va samarali joriy etish hamda uning mazmun-mohiyatini aholiga batafsil tushuntirish bo‘yicha zarur tashkiliy choralarni ko‘rsin.
4. Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida ularning ishiga har qanday aralashuv qat’iy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi qayd etilsin.
Sudning mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlashni kuchaytirish bo‘yicha quyidagi choralar belgilansin:
sudga hurmatsizlik qilish holatlarini oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash;
sud ishlarini hal etishga aralashganlik va sud hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, shuningdek, sud hujjatlarining ijro etilishini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan мехaнизмлaрни joriy etish;
odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlikka oid har bir jinoyat ishi yakuni bo‘yicha jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali majburiy ravishda xabardor qilish tartibini joriy etish;
sudyaga nisbatan turar joy daxlsizligiga, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kurerlik jo‘natmalari va telegraf xabarlarining sir saqlanishiga bo‘lgan huquqlarni cheklovchi, shuningdek, abonentlar yoki abonent qurilmalari o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risidagi axborotni olishdan iborat tezkor-qidiruv tadbirlarining o‘tkazilishiga faqat Bosh prokurorning sanksiyasi asosida yo‘l qo‘yilishini belgilash;
jismoniy va yuridik shaxslarning protsessual xarakterga ega bo‘lmagan, huquqiy tushuntirish berish borasidagi masalalar bo‘yicha murojaatlarini adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish.
Oliy sud (B.Islamov), Sudyalar oliy kengashi (X.Yodgorov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan choralarni amalga oshirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.
5. Bosh prokuratura hamda Oliy sudning barcha bosqichlardagi sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashгa qaratilgan yangi mexanizmni joriy etish bo‘yicha takliflari ma’qullansin, unga ko‘ra:
a) quyidagilar Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi (keyingi o‘rinlarda – Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi) etib belgilansin:
Bosh prokuraturaning jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmalari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘yicha tegishli bo‘lim va tarmoqlari;
tuman (shahar) prokurorlarining mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli o‘rinbosari va yordamchilari;
b) Bosh prokurorning sohaviy o‘rinbosariga – Bosh prokuratura, shuningdek, quyi turuvchi prokuraturalar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining, viloyat prokurorining va unga tenglashtirilgan prokurorlarning o‘rinbosarlariga – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar, shuningdek, tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining faoliyatini nazorat qilib, muvofiqlashtirib borish mas’uliyati yuklatilsin.
6. Quyidagilar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonun hamda protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda sudlarda ishlarni ko‘rishda prokuror vakolatini ta’minlash;
sud protsessining boshqa ishtirokchilari bilan teng huquqlardan foydalangan holda odil sudlov faoliyatining samarali amalga oshirilishiga ko‘maklashish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda davlat ayblovini faqat qonunga asoslanib, xolislikni saqlagan holda sifatli qo‘llab-quvvatlash;
fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yo‘li bilan samarali himoya qilinishiga erishish;
sud amaliyotidan kelib chiqqan holda surishtiruv va tergov organlari xodimlarining amaliy ko‘nikmalari hamda malakasini oshirish ishlariga ko‘maklashish.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari o‘z vakolatlarini har qanday organ va mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan tashqari ularning sudda ishtiroki bilan bog‘liq faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi;
viloyat va unga tenglashtirilgan prokuraturalar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga tuman (shahar) prokuraturalarining tegishli yo‘nalishlarida, qoida tariqasida, kamida uch yil, Bosh prokuratura Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga esa, qoida tariqasida, kamida besh yil faoliyat yuritgan xodimlar jalb qilinadi;
Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari, qoida tariqasida, sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash sohasida uzluksiz uch yil xizmat o‘taganidan so‘ng boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazilishi mumkin;
Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlarini boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazish Bosh prokuror sohaviy o‘rinbosarining roziligi asosida amalga oshiriladi.
8. Belgilansinki, Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatining natijadorligini ta’minlash maqsadida:
Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimi sudlarda ko‘rilayotgan ishlar bo‘yicha ayblovni (fuqaroviy da’voni) qo‘llab-quvvatlash, o‘zgartirish yoki undan voz kechish, shu jumladan, Jinoyat kodeksi normalarini qo‘llash, jazo turi va me’yorini belgilash masalalari yuzasidan fikrini sudga bayon qilishda mustaqil bo‘lib, qonun talablariga va ishning barcha holatlaridan kelib chiqqan holda o‘z ishonchiga asoslanadi;
har bir hududda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari hamda tegishli tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari va boshqa yo‘nalishlarda uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan tajribali xodimlardan iborat Maslahat kengashlari tashkil etiladi;
Maslahat kengashlari o‘zaro muhokama asosida o‘ta murakkab toifadagi ishlarning yechimini topish, yosh kadrlarni to‘g‘ri yo‘naltirish va ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish ishlariga ko‘maklashadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyati uchun mas’ul o‘rinbosarlariga tegishincha viloyat, tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlarini hududdagi viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) sudlaridagi ish hajmini inobatga olgan holda ixtisosligi bo‘yicha jalb qilishga ruxsat beriladi.
9. Bosh prokuror (N.Yo‘ldoshev) bir oy muddatda:
Ixtisoslashgan prokurorlar korpusini tajribali, belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga qodir, prokuratura organlarida benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan professional kadrlar orasidan shakllantirish choralarini ko‘rsin;
Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishni, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari va xodimlari, tuman (shahar) prokurorlari hamda ularning boshqa yo‘nalishlarga mas’ul o‘rinbosarlari va xodimlari tomonidan Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatida noxolislikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan har qanday ta’sir va aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlarni nazarda tutuvchi ichki tartibni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oliy sud va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari vakolatlarini belgilash va faoliyatini tashkil etish choralarini nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.
10. Sud tizimi oldida turgan dolzarb vazifalarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Oliy sud tuzilmasi mavjud shtat birliklari doirasida quyidagilarni inobatga olgan holda takomillashtirilsin:
a) Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti (keyingi o‘rinlarda – Departament) tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
odil sudlov sohasida huquq ijodkorligi faoliyatini amalga oshirish;
sud faoliyati sohasidagi qonunchilikni hamda odil sudlov muammolarini tizimli tahlil qilish, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni, sud amaliyoti va sud ish yurituvi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
odil sudlov samaradorligini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida tahlil qilish;
odil sudlov sohasiga oid xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha tizimli va izchil choralar ko‘rish;
fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy qonunchilik, sudlarning mustaqilligini ta’minlash sohasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini o‘rganish, ularni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
b) Axborot-kommunikatsiya monitoringi – Vaziyatlar markazi tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublika bo‘yicha barcha sudlarda ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq vaziyatni onlayn tahlil qilish, sudlarda aholining murojaatlari bilan ishlash hamda ishlarni ko‘rishda protsessual tartib va muddatlarga rioya etilishini monitoring qilib borish;
ishlarni viloyat, tuman (shahar), mahalla kesimida toifalarga ajratgan holda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni tahlil qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, nizolarni bartaraf etishga qaratilgan ma’lumotlarni tayyorlash;
sud majlislari o‘z vaqtida o‘tkazilishini, server uskunalari va dasturlarning ishlash holatini doimiy nazorat qilish;
v) Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi negizida Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi (keyingi o‘rinlarda – PR Markaz) tashkil etilsin va uning, shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar matbuot xizmatlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
aholi orasida sud hokimiyatining ijobiy timsolini shakllantirish va ilgari surish;
sud faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan, matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borish;
axborot makonining doimiy monitoringini olib borish, sudlar faoliyatiga doir axborotlar bo‘yicha jamoatchilik fikrini tahlil va prognoz qilish, tanqidiy va keng muhokama qilinayotgan materiallarga, axborot xurujlariga tezkor munosabat bildirish;
sudning rasmiy veb-saytlarida uning faoliyatiga aloqador matnli, foto-, audio- va videomateriallardan iborat ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yangilab borish.
11. Oliy sud Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi va O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2023 – 2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimining axborot siyosati konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
12. O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasiga aholi orasida sud hokimiyatining ijobiy timsolini shakllantirishda faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida quyidagilar tavsiya etilsin:
ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sudyalar faoliyati bo‘yicha qonunga xilof va asossiz e’lon qilingan har bir holatga sud hokimiyatining faxriylari tomonidan ob’ektiv ravishda
va tezkorlik bilan munosabat bildirib borish;
sudyalar va sud hokimiyatining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan sudlarga murojaat qilish.
13. Oliy sud uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
14. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Oliy sud raisi B.Islamov hamda Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023-yil 16-yanvar
Manba: O'zA