O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“E-qaror” tizimida ilk buyruq Adliya vazirligi tomonidan qabul qilindi
2023-01-17 | Texnologiyalar
Jamoatchilikka maʼlumki, 2021-yil 1-iyuldan boshlab “E-qaror” elektron tizimi orqali hokimliklarning qarorlari qabul qilib kelinmoqda. Bugungi kunda ushbu tizim jamoatchilik nazorati uchun samarali mexanizmlardan biriga aylandi.
Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab Prezident qaroriga asosan sinov tariqasida Adliya vazirligining buyruqlari ham “E-qaror” orqali qabul qilinishi belgilangan.
Shunga ko‘ra Adliya vazirligi tizimida idoraviy hujjatlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilish boshlandi.
Kuni kecha tizim orqali qabul qilingan Adliya vazirining dastlabki buyrug‘ida vazirlikning 2023-yil uchun sarf-xarajaatlar smetasini maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) kesimidagi shakllantirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Qarorga muvofiq Adliya vazirligi tizimidagi sinov natijalariga ko‘ra 2023-yil 1-sentabrdan boshlab barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Vazirlik va idoralarning maʼmuriy hujjatlarini jamoatchilik uchun ochiq tarzda qabul qilinishi ular faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.
Adliya vazirligi OAV, jurnalistlar va blogerlarni jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdagi faolliklarini qo‘llab quvvatlaydi hamda bu borada qonun ustuvorligini taʼminlashda ularning ko‘magiga suyanadi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi