O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qirg‘izistonning yetakchi tahliliy markazlari ekspertlari hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildilar
2023-01-17 | Jamiyat
“Taraqqiyot strategiyasi” markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar milliy instituti (STMI) tomonidan “O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sherikligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
Gibrid formatda tashkil etilgan anjumanda ikki mamlakatning yetakchi ilmiy-tahlil markazlari, shuningdek, vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.
Mutaxassislar so‘nggi yillarda erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashdi, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklikni yanada kuchaytirish istiqbolini belgilab olishdi.
Ikki elni ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, umumiy tarix, madaniyat, an’analar, din birlashtirgani ta’kidlandi. Mamlakatlarimiz hamkorlik jarayonida o‘zaro manfaatni hurmat qilish, hisobga olish va bir-birini qo‘llab-quvvatlash, konstruktiv, pragmatik aloqani rivojlantirish tamoyilidan kelib chiqadi.
So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining qat’iy irodasi tufayli siyosiy muloqot va ishonch mustahkamlanib, barcha jabhalarda ko‘plab masalalar hal etilayotgani, samarali sa’y-harakatlarni kuchaytirish uchun barcha sharoit yaratildi.
2017 yil oktyabr oyida imzolangan Strategik sheriklik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasiga umumiy yondashuvni mujassamlashtirdi, munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning 2021 yil mart oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabat tarixida muhim voqea bo‘ldi, safar yakunida tomonlar turli sohalarga oid 22 hujjat imzolashdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, 2016-2022 yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari jami 16 marta – 4 ta o‘zaro tashrif, 12 bor turli xalqaro tadbirlar doirasida uchrashgan. Davlat rahbarlarining qat’iy irodasi, vakolatli idoralarning birgalikdagi sa’y-harakati tufayli qator dolzarb masalalar, jumladan, yer va suvdan foydalanish, suv-energetika resurslaridan birgalikda milliy foydalanish amaliy yechimini topdi.
2022 yil avgust oyida Suv resurlarini birgalikda boshqarish bo‘yicha qo‘shma komissiya ish boshladi, tuzilmaning ilk yig‘ilishida suv xo‘jaligi masalasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi idoralararo bitim imzolandi. Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berish va tranzit sohasida hamkorlik qilinmoqda. O‘zbekiston Qirg‘izistonga nafaqat elektr energiyasi yetkazib beryapti, balki o‘z energiya tarmog‘i orqali Turkmanistondan 2021-2022 yillarda 1 milliard kVt/soatdan oshiq elektr energiyasi tranzitini ta’minlamoqda.
Qirg‘izistonning Norin daryosida Qambar ota GES-1 qurilishi loyihasini amalga oshirish Qozog‘iston ishtirokida uch tomonlama qo‘shma korxona tashkil etishdan boshlandi.
Bundan tashqari ko‘p yil davomida puxta muvofiqlashtirilgan ishlar natijasida o‘zaro manfaatli asosda, oqilona murosa va ekvivalent almashinuv yo‘li bilan davlat chegaralarini huquqiy ro‘yxatga olish bo‘yicha juda muhim vazifa hal etildi. Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma va Andijon (Kampirobod) suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilinishi tarixiy ahamiyatga ega voqelik bo‘lib, ikki tomonlama strategik aloqani yanada rivojlantirishga, mintaqaviy hamkorlikka, shubhasiz, jadal sur’at bag‘ishlaydi.
bugungi kunda chegaralarimizdagi 18 ta nazorat-o‘tkazish punkti faoliyati tiklanib, bunday nuqtalar soni oshmoqda, sig‘imi kengaymoqda, chegara va bojxona idoralari o‘rtasida transchegaraviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Chegaralar do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ko‘prigiga aylanmoqda.
Yaratilgan shart-sharoit tufayli qarindoshlar bilan uchrashish, sayohat qilish, ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2017 yildan buyon har kuni 10 mingdan 20 ming nafargacha O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarosi chegaradan o‘tyapti.
Natijada chegara oldi savdo jadal rivojlanmoqda, tadbirkorlar va mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlanmoqda, investitsiyaviy va iqtisodiy forumlar, sanoat ko‘rgazmalari muntazam o‘tkazilmoqda. Chegaralar va yo‘llar ochilishi munosabati bilan ichki bozorlarda tovarlarning ayrim guruhlari narxi pasayishi kuzatilmoqda, Markaziy Osiyoda haqiqatan ham ulkan salohiyatga ega eng yirik, ulkan sig‘imli mintaqaviy bozor shakllanmoqda.
Shu nuqtai nazardan ishtirokchilar savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotganini ta’kidladilar. 2022 yil tovar ayirboshlash miqdori ilk bor 1 milliard 260 million dollardan oshdi. Bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan qariyb 5 barobar ko‘p. Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qirg‘iziston Qozog‘istondan keyin O‘zbekistonning ikkinchi yetakchi savdo sherigiga aylandi. Shu bilan birga tomonlar yaqin yillarda diversifikatsiya doirasini kengaytirish hisobiga o‘zaro mahsulot va xizmat almashishni 2 barobar ko‘paytirish niyatida.
Manba: O'zA