O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston - Singapur: bardavom taraqqiyot va farovonlik yo‘lidagi istiqbolli hamkorlik
2023-01-16 | Jamiyat
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-18 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Singapurda bo‘ladi
Ikki mamlakatni 5,6 ming kilometrdan ortiq masofa ajratib turadi. Lekin bu geografik holat O‘zbekiston bilan dunyoning yirik moliya markazlaridan biri, o‘zining samarali islohotlari va innovatsiya imkoniyatlari bilan mashhur bo‘lgan Singapur o‘rtasida so‘nggi yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikning jadal rivojlanishiga to‘sqinlik qila olgani yo‘q.
Singapur O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil 27 dekabr kuni tan olgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1997 yil aprel oyida o‘rnatildi. O‘tgan yili ushbu sananing 25 yilligi nishonlandi.
Ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini 14 ta hujjat – 6 ta davlatlararo va hukumatlararo shartnomalar, 6 ta idoralararo va boshqa hujjatlar tashkil etadi.
O‘tgan yillar davomida har ikki davlat o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish yo‘lida sa’y-harakatlar qilib kelmoqda. Oliy darajadagi aloqalar muntazam axborot almashish vositasida davom etmoqda, parlamentlararo va idoralararo munosabatlar barqaror rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli amalga oshirilayapti. Xususan, Singapur BMT Bosh Assambleyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida» (2018), «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik to‘g‘risida» (2018), «Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish to‘g‘risida» (2019), «Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risida» (2021), «Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyalarni qo‘llab-quvatladi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Singapurning turli xalqaro tuzilmalar doirasidagi tashabbuslari va nomzodini faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Bugun O‘zbekiston innovatsion rivojlanish yo‘lidan odimlayotir. Mamlakatimizda innovatsiyalarni joriy etish, raqamli hamda «yashil» iqtisodiyotni, ijtimoiy soha va turizm sanoatini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar izchil hayotga tadbiq etilmoqda. Shu munosabat bilan jahon reytingida yetakchi o‘rinni egallagan, jumladan, iqtisodiy erkinlik va sayohat xavfsizligi, biznesni yaratish va yuritish qulayligi, biotexnologiyani rivojlantirish bo‘yicha o‘nta yetakchi davlatdan biri bo‘lgan Singapur bilan hamkorlik istiqbollari sezilarli darajada kengaymoqda. Bu yo‘nalish ikki davlat uchun ham yangi imkoniyatlar ochayotgani bilan ahamiyatli hisoblanadi.
O‘zbekiston va Singapur o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish va kengaytirishdan manfaatdor – ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasi shundan dalolat beradi. Jumladan, 2020-2021 yillarda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 30 foizga o‘sdi. 2022 yilning yanvar-noyabr oylarida bu ko‘rsatkich qariyb 120 million AQSH dollarini tashkil qildi. Ta’kidlash joizki, o‘zaro savdoda eng qulay sharoit rejimi amal qilmoqda.
O‘zbekistonda singapurlik investorlar ishtirokida 90 ta korxona tashkil etilgan. Shundan 80 tasi qo‘shma va 10 tasi yakka tartibdagi korxonalardir. Ularning faoliyati elektrotexnika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, ta’lim, savdo, mashinasozlik va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Ta’kidlash joizki, keyingi yillar mobaynida O‘zbekistonda Singapur biznesining sarmoyaviy faolligi kuzatilmoqda. Xususan, 2016-2022 yillarda ushbu mamlakatdan jalb etilgan jami sarmoya hajmi qariyb 400 million AQSH dollarini tashkil qildi. O‘tgan yili Singapurdan 38 million dollarlik sarmoya o‘zlashtirildi va bugungi kunda singapurlik hamkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 1,73 milliard dollarlik 24 ta investitsiya loyihasining ro‘yxati shakllantirildi.
Singapurning «Indorama Industry PTE ltd, Singapore» kompaniyasining sho‘ba korxonasi bo‘lgan «Indorama Kokand Textile» aksiyadorlik jamiyati faoliyati O‘zbekiston-Singapur sarmoyaviy hamkorligining muvaffaqiyatli namunasi hisoblanadi. Korxona O‘zbekistonda 2011 yil iyul oyida «Indorama»ning Markaziy Osiyodagi strategiyasi doirasida foydalanishga topshirilgan. «Indorama Kokand Textile» aksiyadorlik jamiyati paxta xom ashyosini raqobatbardosh narxlarda ichki manbalardan xarid qiladi va jahon bozorlariga yetkazib berish narxini oshiradi. U Markaziy Osiyodagi 100 foiz momiq ip ishlab chiqaradigan birinchi ixcham yigirish korxonasidir.
Hozirgi kunda «Indorama Corporation Pte. Ltd.» guruhi bilan birgalikda Qo‘qon superfosfat zavodini (30 million dollar) va Qizilqum fosforit majmuasini (75 million dollar) modernizatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish masalalari ishlab chiqilmoqda.
O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar ham tegishli kelishuvlar asosida rivojlanib, o‘zining faol o‘suvchanligi bilan ajralib turadi. Madaniy-gumanitar sohada delegatsiyalar almashuvi, turli xalqaro madaniy tadbirlarda ishtirok etish muntazam tarzda amalga oshirilmoqda. Xususan, Samarqand shahrida o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida Singapur ijodiy jamoalari muntazam ishtirok etib keladi.
O‘zbekiston-Singapur hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlaridan biri ta’lim sohasi hisoblanadi. 2008 yilda Toshkentda Singapur menejmentni rivojlantirish instituti tashkil etildi. Oliy bilim maskanida «bank ishi», «biznes menejmenti», «turizm» va «biznesdagi zamonaviy IT» yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda. 2021 yilning oktabrida Toshkentda Singapurning ikkinchi oliy ta’lim muassasasi -«TMC Institute» tashkil etildi. O‘tgan yil oktabr oyida esa «TMC Institute» kampusining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu yerda tahsil olayotgan talabalar soni 12,5 barobarga oshdi, ya’ni 2021 yildagi 400 nafardan 2022 yili 5 ming nafarga yetdi.
Gumanitar sohadagi hamkorlikning yana bir muhim va muvaffaqiyatli namunasi sifatida 2021 yilda Singapurning «SixClouds Pte. Ltd.» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan Qoraqalpog‘istondagi 300 ta maktab va mamlakatimiz hudularidagi 14 ta Prezident maktablari uchun ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha onlayn dastur taqdim etilganini qayd etish mumkin.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Singapurning «Nanyang» (Nanyang) xalqaro politexnika instituti o‘rtasida Aholi salomatligini boshqarish dasturini amalga oshirish bo‘yicha yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yil dekabr oyida mamlakatimizning bir guruh tibbiyot xodimlari «Temasek Foundation» jamg‘armasi texnik ko‘magida malaka oshirish kurslarini o‘tadi.
Singapur hamkorlik dasturi va Singapur davlat xizmati kolleji vositasida O‘zbekistonda rahbar kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham hamkorlik munosabatlari o‘rnatilgan. 2013 yildan buyon O‘zbekiston vazirlik va idoralarining 230 nafardan ortiq vakillari Singapur hamkorlik dasturining malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.
Ma’lumki, sayyohlik o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun juda istiqbolli soha hisoblanadi. Ikki davlat katta sayyohlik salohiyatiga ega va turizm almashuvini faollashtirishdan birdek manfaatdordir. O‘zbekistonni singapurlik turistlar uchun yangi sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish maqsadida 2018 yilda Singapur fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etildi. Bu Singapurdan sayyohlar oqimining ko‘payishiga yordam berdi, ammo bu yo‘nalishning salohiyatidan hali to‘liq foydalanilmagan. O‘z navbatida, Singapurning turizm sohasidagi boy tajribasi O‘zbekiston uchun o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning yana bir nuqtasi hisoblanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi jug‘rofiy masofa uzoq bo‘lishiga qaramasdan mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirish va kengaytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbarining Singapurga bo‘lajak tashrifi ikki mamlakat xalqlari taraqqiyoti va farovonligi yo‘lidagi o‘zaro manfaatli hamda ishonchli sheriklik munosabatlari ravnaqi solnomasida yangi sahifani ochadi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi