O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoraqalpog‘iston - dunyoning eng noyob 16 turistik maskanlaridan biri
2023-01-13 | Turizm
Buyuk Britaniyaning turizmga ixtisoslashgan “Bradt Guides” nashriyoti 2023 yilda sayohat qilish uchun tavsiya etilgan dunyoning eng noyob turistik hududlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Quvonarlisi, Chili, Kosta-Rika, Isroil, Estoniya va boshqa sayyohlarni jalb qiluvchi noyob maskanlardan iborat bo‘lgan ushbu ro‘yxatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham kiritildi.
“Bradt Guides” ekspertlari Mo‘ynoq tumanida yangi aeroportning ishga tushishi va kelgusida tezyurar poyezdlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida Qoraqalpog‘istonga borish yanada qulay bo‘lganini alohida qayd etgan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyodagi eng yirik elektron musiqiy festivalning o‘tkazilishi, Sahrodagi Luvr muzeyining dunyoga mashhur avangard kolleksiyasi, tungi osmonning eng qorong‘i zonasi va uning ostida joylashgan o‘tovlar majmuasini alohida ta’kidlab o‘tishgan.
Bundan tashqari, maqolada Qoraqalpog‘istonga “Orol dengizining vatani” deya alohida ta’rif berilgan.
Shu o‘rinda aytish kerak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida hududning turistik salohiyatini to‘liq namoyish etuvchi turistik xaritalarni (Guidebook) ishlab chiqish, nashr etish va bepul tarqatish vazifasi belgilangan.
Shu bois Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida “Bradt Travel Guides” nashriyotida Qoraqalpog‘iston bo‘yicha turistlar uchun qo‘llanma ishlab chiqish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida 2022 yilda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson va OAV vakili Stefani Adams uchun Qoraqalpog‘istonning bir qator turistik ob’ektlari bo‘ylab press-tur tashkil etilgan edi.
Manba: O'zA