O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy-Sharqiy Osiyodagi Singapur kabi O‘zbekiston ham butun Markaziy Osiyoning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi
2023-01-11 | Jamiyat
Singapurda «O‘zbekiston va Singapur: o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari» mavzucida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Anjuman Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) va Singapurdagi Nanyang texnologiya universiteti huzuridagi S.Rajaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabi (RSIS) hamkorligida tashkil etildi.
Unda Singapur Tashqi ishlar, Savdo va sanoat vazirliklari vakillari, yetakchi tahlil va ilmiy-tadqiqot tuzilmalari ekspertlari ishtirok etdi. S.Rajaratnam xalqaro tadqiqotlar maktabi, Singapur Milliy universiteti, Yaqin Sharq instituti (MEI), Markaziy va Janubiy-Sharqiy Osiyo hamda xalqaro hamkorlar bo‘yicha Singapur hamkorlik markazi (SCE), boshqa tashkilot va muassasalar shular jumlasidandir.
Davra suhbatida O‘zbekiston tomonidan MOXI, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston elchisi Qaxramon Shokirov o‘zining kirish so‘zida O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini yuqori baholadi.
1997 yilda diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganidan buyon mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkam siyosiy va iqtisodiy sheriklik o‘rnatilgani alohida ta’kidlandi. Qaror topgan ishonchli munosabatlar tufayli barcha sohalarda o‘zaro hamkorlik dinamikasi izchil o‘sib bormoqda.
Oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotlar, faol iqtisodiy hamkorlik va sarmoyaviy faoliyat, boy madaniy-gumanitar hamkorlik tomonlar o‘rtasidagi yaqin aloqalarning muhim tarkibiy qismlariga aylangan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov O‘zbekiston – Singapur hamkorligi izchil mustahkamlanib va kengayib borayotganini ta’kidladi.
Hozirgi dinamika siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni chuqurlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani alohida qayd etildi. To‘qimachilik, kimyo, transport, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalari mavjud.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barcha sohalarda o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Singapur hamkorligini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratayotgani urg‘ulandi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktorining o‘rinbosari Botir Tursunov Singapur va O‘zbekiston o‘rtasida deyarli barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdi.
O‘zbekiston-Singapur munosabatlari o‘suvchanligining bugungi sur’ati ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratayotganini aytdi.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan mintaqaviy siyosatning ustuvor yo‘nalishlari va muvaffaqiyatlari, mamlakatimiz rahbarining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslariga doir batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Anjumanda so‘zga chiqqan Singapur ekspert doiralari vakillari o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini yuqori baholadi.
S.Rajaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabi raisi Ong Keng Yong Singapur O‘zbekistonda hayotga tadbiq etilayotgan iqtisodiyotning ochiqligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar jarayoni samarasida o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilgani alohida qayd etildi.
U oliy va yuqori darajalarda o‘tkazib kelinayotgan muntazam uchrashuvlar, shuningdek, vazirlik va idoralar o‘rtasidagi rishtalar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirish va kengaytirishga, Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini bildirdi.
Singapur va O‘zbekiston Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan katta imkoniyatlarga ega ekaniga e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, Singapur Savdo va sanoat vazirligining Rivojlanayotgan bozorlar departamenti direktori Deniz Pereyra Kerri-Enn O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim o‘rni va rolini e’tirof etdi.
Mamlakatning ochiqligi, amalga oshirilayotgan siyosiy-iqtisodiy islohotlar ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va manfaatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Uning aytishicha, so‘nggi yillarda Singapur O‘zbekistonga 350 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Bu global miqyosda katta miqdor emas. Lekin eng muhimi, bu miqdor O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islohotlari tufayli izchil o‘sishda davom etmoqda.
Mutaxassis sayyohlik ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi ekanini aytdi. Chunki bu sohada ulkan salohiyat mavjud. O‘zbekiston, shuningdek, Singapurda katta talabga ega bo‘lgan xushta’m quritilgan va yangi mevalarning asosiy yetkazib beruvchisiga aylanishi mumkin.
Singapur logistika va raqamlashtirish sohalarida ham yetakchi hamkorga aylanishi mumkin. Bu sohalarga yetakchi xususiy sektor vakillarini jalb etish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Xuddi shunday fikrni S.Rajaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabi katta ilmiy xodimi Rafaello Pantuchchi ham bildirdi. U O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Osiyodagi Singapur kabi butun Markaziy Osiyoning harakatlantiruvchi kuchi ekanini ta’kidladi.
Mamlakatlarda hali ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligi, bu har ikki tomondan ham katta mehnatni talab qilishi qayd etildi.
Tadbir doirasida Singapur vakillari ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollariga ham alohida e’tibor qaratdi. «Yashil» energetika, innovatsiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish va energiya tejamkor texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikka katta qiziqish bildirilayotgani ta’kidlandi.
Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi hamkorlikning holati hamda istiqbollarini atroflicha tahlil qilishgani barobarida izchil rivojlantirish talab etiladigan ustuvor yo‘nalishlarni ham belgilab oldi. Ikki va ko‘p tomonlama, jumladan, Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan takliflar bildirildi.
Ishtirokchilar o‘zaro fikr almashishning dolzarbligini ta’kidlar ekan, shu kabi shaklda yaqin aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz: S.Rajaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabi 2007 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u xalqaro munosabatlar bilan shug‘ullanadigan dunyoning yetakchi tahlil markazlaridan biri hisoblanadi. RSIS tadqiqotlari muntazam ravishda nufuzli nashrlarda, yetakchi jurnallar va onlayn platformalarda chop etiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi