O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreyaning Adju universiteti Xalqaro tadqiqotlar oliy maktabini tamomlagan vatandoshlarimizga magistr diplomi topshirildi
2023-01-10 | Ta’lim
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi vakillari ushbu mamlakatdagi yetakchi taʼlim muassasasi hisoblangan Adju universitetida uchrashuv o‘tkazdi

Adju universiteti vitse-prezidenti Kim Kyung Rai bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida 2023 yilda taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, shu jumladan, Toshkent shahridagi Adju universiteti faoliyatini rivojlantirish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olish bo‘yicha fikr almashildi.
Maʼlumki, Toshkent shahridagi Adju universiteti O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 30 noyabrdagi «Toshkent shahrida Adju universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan tashkil etilgan. Bugungi kunda mazkur oliy bilim yurtida iariyb 840 nafar talaba meʼmorchilik, qurilish muhandisligi, elektrotexnika va kompyuter muhandisligi yo‘nalishlari bo‘yicha taʼlim olmoqda. Muassasada taʼlim faoliyati koreys mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan «Akademik axborot tizimi» dasturi asosida raqamlashtirilgan.
Muloqotda ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati, 2022 yilda amalga oshirilgan o‘zaro tashriflar va ularning yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Kim Kyung Rai O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023 yilni «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim» yili deb eʼlon qilinganini, mamlakatda so‘nggi yillarda oliy taʼlim sohasida ham amalga oshirilgan izchil islohotlar, jumladan, qabul kvotasining oshirilgani, oliy taʼlim muassasalari soni 159 taga yetkazilgani, ulardan 30 tasi nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasasi ekanligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Uning aytishicha, mazkur tashabbus O‘zbekistonda 2030 yilga borib oliy taʼlim bilan qamrovni 50 foizga yetkazish, ilmiy salohiyatni 70 foizga olib chiqish, tizimni boshqarishni to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan maqsadlarga erishish uchun katta qadamdir.
Shu bilan birga elchixona vakillari ushbu universitetning Xalqaro tadqiqotlar oliy maktabini muvaffaqiyatli bitirib magistr diplomini ko‘lga kiritgan bir guruh yurtdoshlarimizni qutlab, ularga kelgusi o‘qish va ishlarida omad tiladi.
Kim Kyung Rai universitetda taʼlim olayotgan vatandoshlarimizning salohiyatiga alohida to‘xtalib, ularning kreativ fikrlashi, faolligi hamda tashabbuskorligiga O‘zbekistonda taʼlim sohasiga berilayotgan katta eʼtibor sabab ekanini qayd etdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi