O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Yaponiya elchisi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
2023-01-09 | Jamiyat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Yaponiya elchisi Takashi Xatori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Muloqot avvalida Akmal Saidov Takashi Xatorini mamlakatimizga elchi etib tayinlangani bilan samimiy qutlar ekan, unga masʼuliyatli va sharafli diplomatik missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladi.
Uchrashuvda davomida elchiga Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning asosiy vazifalari hamda Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi. Jumladan, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, halqparvar davlatni barpo etish, inson qadr-qimmati, huquqlari va manfaatlarini yana-da samarali taʼminlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zarurati ekanligi haqida to‘xtaldi.
O‘z navbatida, Takashi Xatori Qonunchilik palatasining rahbariyatiga uchrashuv uchun o‘z minnatdorligini bildirgan holda davlatning ichki va tashqi siyosati, uning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalardagi barqaror rivojlanishida parlamentning faoliyati katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
Yaponiya rasmiy vakili, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va tashabbuslari natijasida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan bir qatorda, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi yana-da yuqori darajaga ko‘tarilishiga xizmat qilayotganligini yuksak baholadi.
- Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning yana-da rivojlanishiga katta poydevor qo‘ydi, - dedi u. - O‘ylaymanki, bu anʼanaviy va barqaror hamkorlik yana-da bardavom bo‘ladi va men, elchi sifatida buning o‘zimning barcha saʼy-xarakatlarimni safarbar etaman.
Suhbat yakunida ikki mamlakatning nafaqat parlamentlararo, balki boshqa soha va yo‘nalishlarning rivojlanishi yo‘lida o‘zaro fikr almashuvlar orqali tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati