O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxoʼjayev, hokim oʼrinbosarlari va qator boshqarmalar boshliqlari ishtirokida yigʼilish boʼlib oʼtdi
2023-01-09 | Jamiyat
Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxoʼjayev, hokim oʼrinbosarlari va qator boshqarmalar boshliqlari ishtirokida yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda poytaxt hokimi mamlakatimiz hududi, xususan, Toshkent shahriga keskin sovuq ob-havoning kirib kelishi munosabati bilan har qanday talofatlarning oldini olish boʼyicha mutassaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi:

— anomal sovuq kunlar davrida, oʼn kun davomida: 9 dan 18 yanvargacha shahar va tuman hokimliklarida, boshqarmalar va ularning tuman boʼlimlarida har qanday majlislar (jumladan, Zoom shaklida), tadbirlar, masʼullarni asosiy faoliyatidan chalgʼituvchi boshqa yigʼilishlarni oʼtkazish taqiqlanadi;
— vaziyatlarni boshqarish yuzasidan topshiriqlar telefon va onlayn aloqa tizimlari orqali toʼgʼridan-toʼgʼri beriladi;
— qolipli non ishlab chiqaruvchilarga gaz va elektr energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini nazoratga olish;
— oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning uzluksiz ishlashini taʼminlash;
— shahar jamoat transportining tizimli ishlashi choralarini koʼrish;
— markaziy va ichki yoʼllarni tezkorlik bilan qor va muzlamalardan tozalashni tashkil qilish;
— boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan koʼp qavatli uylar yoʼlaklarini qor va muzlamalardan oʼz vaqtida tozalashni taʼminlash;
— elektr tizimida avariyalarni tezkor bartaraf etish;
— tugʼruqxonalar, shifoxonalar, "Muruvvat" va "Mehribonlik" uylarining issiqlik taʼminotini alohida nazoratga olish, ulardagi mavjud elektr generatorlarini yoqilgʼi bilan taʼminlash, toʼxtovsiz ishlashi uchun shay holatga keltirish;
— Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 2 kun muddatda jamoat joylarida yongʼin xavfsizligini taʼminlash boʼyicha qayta koʼrik-nazorat tadbirlarini oʼtkazilishini taʼminlash;
— aholini jamoat transportidan foydalanishiga keng imkoniyatlar yaratish va imkon qadar shaxsiy transport vositasidan foydalanmaslikni tavsiya etish;
— navbatchilik, shtablar va call-markazlar faoliyatidagi aloqa telefonlarining uzluksiz ishlashini nazoratga olish;
— 2 kun muddatda 103 tez tibbiy yordam mashinalarini tibbiy anjom va dori vositalari bilan taʼminlanganlik darajasini koʼzdan kechirib, yetishmovchiliklarni toʼldirish;
— koʼchada xizmat qilayotgan yoʼl harakati xavfsizligi xizmati va obodonlashtirish xodimlarini issiq choy va yegulik, ixcham termos idishlari bilan taʼminlash va hokazо.
Manba: Toshkent shahar hokimligi