O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida OAV uchun press-tur uyushtirildi
2023-01-07 | Texnologiyalar
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi qarori bilan Muxammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari unversiteti maxsus fakulteti bazasida tashkil etilgan hamda zamonaviy ravishda bunyod etilgan yangi hududga ko‘chirilgan.

Mazkur harbiy institut Mudofaa vazirligining davlat oliy harbiy taʼlim muassasasi bo‘lib, u quyidagi 8 ta yo‘nalish bo‘yicha taktik bo‘g‘indagi ofitser kadrlarni tayyorlaydi:
Aloqa qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
Axborotlarni kriptografik himoyalash va maxsus aloqa;
Axborot texnologiyalari va dasturiy injiniring;
Radioelektron razvedka va kurash;
Havo hujumidan mudofaa radiotexnika qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
Havo hujumidan mudofaa zenit-raketa qo‘shinlari taktik qo‘mondonlik-muhandisligi;
Tarmoq va axborot tizimlari xavfsizligi;
DXX chegara qo‘shinlari (intellektual tizimlar).
Harbiy institutda o‘qish harbiy xizmatni o‘tash bilan tenglashtiriladi. Harbiy institut bitiruvchilariga “leytenant” harbiy unvoni va davlat namunasidagi diplom beriladi.
Institutda ixtirochilikni rivojlantirish va yangi innovatsion g‘oyalarni amalga tatbiq etish maqsadida quyidagi 6 ta zamonaviy o‘quv laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan:
Robototexnika va dron tizimlari o‘quv laboratoriyasi;
“Cisco” bazasida maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari va modellashtirish va simulyatsiya virtual jihozlari;
Kiberxavfsizlik o‘quv laboratoriyasi;
Optik tola aloqa linyasi o‘quv laboratoriyasi;
Radiolaksiya o‘quv laboratoriyasi;
Raqamli radioaloqa o‘quv laboratoriyasi;
Radioxavaskor va radioelektronika o‘quv laboratoriyasi.
Bugungi kunda Prezidentimiz — Qurolli Kuchlar Oliy bosh Qo‘mondoni hamda Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan oliy harbiy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, ilmiy tadqiqot va izlanishlar olib borayotgan harbiy xizmatchilar, professor-o‘qituvchilarga keng sharoitlar yaratib berilmoqda.
Shu o‘rinda harbiy institutda ham ilmiy salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar jadal ravishda olib borilmoqda. Buning natijasida 2019-yilgacha institutning ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 9%ni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 53%ni tashkil etmoqda.
Ayni vaqtda harbiy institutda 3 nafar fan doktorlari (DSc),
23 nafar fanlar bo‘yicha falsafa doktorlari (PhD) va fan nomzodlari hamda
13 nafar dotsentlar faoliyat olib bormoqda.
Bundan tashqari Mudofaa vazirligi, shuningdek Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi boshqa kuch tuzilmalariga qarashli oliy harbiy taʼlim muassasalarining 15 nafar professor-o‘qituvchilari oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida mustaqil izlanuvchi sifatida turli yo‘nalishlarda tanlangan mavzular yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.
Bugungi kunda harbiy institutning ilmiy tadqiqot laboratoriyasi ilmiy hodimlari, professor-o‘qituvchilari va kursantlari tomonidan bir qator innovatsion, ilmiy va amaliy loyihalar ishlab chiqilib vazirlik, vazirliklararo, respublika miqyosida o‘tkazilayotgan innovatsion loyihalar tanlovlarida munosib ishtirok etib, o‘zlarining yaratgan turli ixtirolari orqali bir qator grandlarga sazovor bo‘lishgan.
Jumladan, 2022-yilning 29-avgustidan 6-sentyabr kuniga qadar Turkiya Respublikasining Samsun shahrida o‘tkazilgan “TEKNOFEST” texnologiyalar xalqaro yoshlar festivalida harbiy institutning ilmiy xodimlari va professor o‘qituvchilari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdi.
Festivalda namoyish qilingan maʼlumot tashuvchi vositalardan elektron maʼlumotlarni kafolatli o‘chirish imkonini beruvchi “UzDel-Xotira” nomli apparat-dasturiy qurilmasi, Wi-fi tarmog‘iga ruxsatsiz kirishni nazorat qilish imkonini beruvchi “Wifi-Bloskator” nomli apparat-dasturiy qurilmasi, artilleriya qurollaridan nishonga olish va otishga mo‘ljallangan simulyatsion trenajeri kabi ishlanmalar orqali ishtirokchilar katta taassurotga ega bo‘lishgan.
Manba: «Xalq So'zi»