O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoraqalpog‘istonda sanoatni kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda
2023-01-06 | Iqtisodiyot
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi hamda tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlaridan iborat Ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining eksport, investitsiyaviy va sanoat salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni boshlab yubordi.
Moʻynoq, Qoʻngʻirot, Qonlikoʻl, Shumanay va Xoʻjayli tumanlaridagi bir qator yirik sanoat korxonalariga tashrif buyurilib, loyiha tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi hamda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalar va ishlab chiqarish quvvatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘rganish jarayonida ustuvor tarmoqlarda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlarni tahlil qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Turli hududlarda olib borilgan sa'y-harakatlar ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va hajmini oshirish salohiyatga ega bo‘lgan qator korxonalarni aniqlash imkonini berdi. Shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun aniq manzillar belgilab olindi. Bu, o‘z navbatida, 2023-yil oxiriga borib Qoraqalpog‘iston Respublikasida sanoat ishlab chiqarish hajmini qo‘shimcha 1 trillion so‘mga oshirish imkonini beradi.
Shu kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va eksportni ragʻbatlantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishning yangicha yondashuvlari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda sanoat o‘sishi, eksport ko‘rsatkichlari va investitsiya faoliyati nuqtai nazaridan 2022-yil yakunlari sarhisob qilindi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonda o‘tgan yili 17,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, eksport hajmi 108,6 million dollarni tashkil etdi, 40,4 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bundan tashqari, hududiy investitsiya dasturi doirasida 959 ta loyihaga 177 million dollarlik investitsiyalar jalb etilgani, buning natijasida 16 ming 200 yangi ish o‘rni yaratilgani ta’kidlandi.
2023-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 20,5 trillion so‘mga, eksport hajmini 122,8 million dollarga yetkazish, shuningdek, 16 618 yangi ish o‘rni yaratish bilan umumiy qiymati 582,9 million dollarlik 934 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda chuqur tahlil qilish va samarali rejalashtirish asosida sanoat, investitsiyalar va eksport sohalari bo‘yicha bu ko‘rsatkichlarni oshirish ishlari olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.
Mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun hududlarga biriktirilgan mas’ul rahbarlarga ishchi guruhlarini shakllantirish, joylarga chiqish, qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash va safarbar etish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish, sanoatni keskin rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan bo‘lajak investor va tadbirkorlar bilan muloqotni faollashtirish, kichik ishlab chiqarish korxonalarini o‘rta korxonalarga, o‘rta korxonalarni yirik korxonalarga transformatsiyalash muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, shuningdek, yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha hududlar va tarmoqlar kesimida aniq tarmoq jadvallarini ishlab chiqish topshirildi.
Ishchi guruhlarning hududlardagi faoliyati davom etmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi