O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tashkil etildi
2022-12-31 | Siyosat
Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjat bilan Prezidentga hisobdor bo‘lgan, davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasasi shaklidagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tashkil etildi.
Institut Prezidentning huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, qonunchilik hujjatlarining tartibga solish taʼsirini baholashdan o‘tkazadi va amalga oshirilishini monitoring qiladi, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Institutga quyidagi sohalarda amaliy tadqiqotlar o‘tkazish yuklatiladi:
- maʼmuriy islohotlar o‘tkazish sharoitida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishning huquqiy muammolarini o‘rganish;
- konstitutsiyaviy islohotlarning siyosiy-huquqiy ustuvor yo‘nalishlari va uni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish (davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish);
- normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bosqichida ularning tartibga solish taʼsirini baholash tizimini maqbullashtirish orqali «aqlli tartibga solish» loyihasini joriy etish;
- korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy muammolarini o‘rganish.
Hujjatga ko‘ra, Institut tomonidan o‘tkaziladigan fundamental va amaliy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash tuziladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi