O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qatardagi jahon chempionatida bo‘lgan avtokarvon O‘zbekistonga qaytdi

2022-12-30 | Turizm

Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida millionlab muxlislar, dunyoning turli burchaklaridan kelgan turistlar orasida O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilgan O‘zbekiston delegatsiyasi Toshkentga qaytib keldi.

29-dekabr kuni Turizm va madaniy meros vazirligi binosi oldida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abdurahmon Fozilov, "Turizm fidoyisi" ko‘krak nishoni sohibasi, bloger Asal Saparbayeva, avtoblogerlar Ibrohim Ikromov, Otabek Jo‘rayev va O‘zbekiston fan-klubi a’zolaridan iborat delegatsiyani kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov nutq so'zlab, ayni damda davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda turizm sohasi rivojiga katta e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Qatarda bo'lib o'tgan jahon chempionatida delegatsiya tomonidan yurtimizning turizm salohiyati targ‘ib qilingani esa, albatta, O‘zbekistonning dunyoga yanada tanilishiga, xorijiy turistlar oqimining kengayishiga hissa qo‘shishini alohida qayd etdi.

“Bu kabi loyihalar yurtimizning dovrug‘ini butun dunyoga tanitishga xizmat qo'shadi. Maqsad turizmni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshirishdir”, – qo’shimcha qildi u. 

Marosimda so‘zga chiqqan Abdurahmon Fozilov esa tashabbus uchun Turizm va madaniy meros vazirligiga minnatdorlik bildirdi.

"Biz Qatarga shunchaki dam olgani yoki sayohat qilgani borganimiz yo'q. Butun dunyoda O‘zbekistonni bilmaydigan, tanimaydigan turist qolmasin, dunyoni vatanimizning jozibasidan yanada ko‘proq xabardor qilish edi. O‘zbekiston turizm brendi aks ettirilgan maxsus avtokarvonda yo'lga chiqqanimiz ham bejizga emas. Qatargacha dunyoning bir necha davlatini avtomobillarda bosib o'tdik. Har bir davlatda mahalliy va xorijiy turistlarga O‘zbekiston haqida ma'lumotlar jamlangan qo‘llanmalar, yurtimiz brendi aks etgan kiyimlar va boshqa narsalarni sovg'a qildik. O‘zbekiston haqida yanada kengroq ma'lumot berdik. Ularni yurtimizga sayohat qilishga undadik, — dedi Abdurahmon Fozilov. — Qozog‘iston, Ozarbayjon, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda bizni katta qiziqish bilan tinglashdi. O‘zbekistonni sayohat ro’yxatiga albatta qo’shishini aytganlar ham talaygina bo‘ldi. Maqsadimiz ham shu edi".

Abdurahmon Fozilov Qatarda dunyoning turli chekkalaridan kelgan muxlislar O‘zbekistonga katta qiziqish bildirganini ta'kidladi. 

"Xorijliklar yurtimiz brendi tushirilgan kiyimlarga qiziqib qolishdi. O‘zbekiston haqida eshitmaganlarga yurtimizni tanitdik, turizm borasidagi imkoniyatlarini targ'ib qildik. Har bir xorijlik sayyohda O‘zbekiston haqida ijobiy tushuncha shakllantirishga harakat qildik. Turli davlatlardan kelgan muxlislarga Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan berilgan, yurtimizning turizm brendi va salohiyati aks etgan qo'llanmalar, jurnallarni tarqatdik, — dedi u. — Hatto xorijiy telekanallar ham bizga qiziqish bildirdi, O‘zbekiston va o‘zbekistonlik muxlislar haqida ko‘rsatuvlar tayyorladi".

Darhaqiqat, jahon chempionati davomida Fransiyaning “TF1” birinchi va eng qadimgi milliy telekanali O‘zbekiston haqida ko‘rsatuv tayyorladi. Bunga esa delegatsiyamizning Fransiya — Daniya o‘yinida yurtimiz bayrog‘ini stadionning ko‘zga ko‘rinadigan tomoniga o‘rnatgani sabab bo‘ldi. Chunki o'yinda gol urgan taniqli fransuz — Kilian Mbappe raqib darvozasiga urgan golini aynan O‘zbekiston bayrog'i fonida nishonladi. Aynan shu surat futbolchining 74 million atrofida kuzatuvchisi bor Instagramdagi sahifasidan joy oldi va katta hajmda ilingan bayrog'imiz muxlislar e'tiborini tortdi.

"Fransuzlar qiziquvchan xalq, — dedi Abdurahmon Fozilov. — Mbappening suratiga bildirilgan fikrlarda bunga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Bayrog'imizni ko'rmagan, tanimagan fransuzlar internet orqali qidirib topib, O‘zbekiston bayrog‘i ekan, deya izohlar qoldirishdi. Demakki, yurtimizni taniydigan xorijliklar soni yanada oshdi".

Shundan so‘ng Braziliyaning "Globo" nashri ham hamyurtlarimiz ishtirokida dastur efirga uzatdi. 

"Telekanal xodimlari aloqaga chiqib, O‘zbekiston haqida, sizlar haqingizda ko‘rsatuv qilmoqchimiz deyishganida faxrlanib ketdim, — dedi Abdurahmon Fozilov taassurotlari haqida gapirarkan. — Chunki "Globo" portugal tilida yuritiladigan dunyodagi birinchi yirik telekanal hisoblanadi. Biz uchun O‘zbekistonni yanada kengroq targ‘ib qilish imkoni paydo bo‘lgandi. Ko'rsatuvda yurtimizning imkoniyatlari, turistik darajasi yuqori ekanligini butun dunyoga anglatishga harakat qildik".

Tadbir davomida delegatsiya a'zolari Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan turizm targ‘ibotiga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi. Aziz Abduhakimov Abdurahmon Fozilovga "Turizm fidoiysi" ko‘krak nishoni topshirdi.

Tadbir davomida muxlislar o'rtasida turli o'yinlar o'tkazildi. Shuningdek, Abdurahmon Fozilov Qatardan olib kelgan futbol to'plarini eng faol muxlislarga ulashdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi

Поделиться