O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Strategik sheriklikni mustahkamlash va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar imzolandi
2022-12-22 | Siyosat
O‘zbekiston-Qozog‘iston sammiti yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tarixiy hujjatlar – Ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida shartnoma va O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnomani imzoladilar.
Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, yirik kompaniyalari darajasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 15 ta hujjat qabul qilindi.
“Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish to‘g‘risida, Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida, Oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, 2000-yil 7-iyuldagi Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketish shartlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma shular jumlasidan
Shuningdek, strategik islohotlar, elektron savdoni rivojlantirish, o‘rmon xo‘jaligi, davlat xizmati sohalarida memorandumlar, Toshkent va Turkiston, Navoiy va Qizilo‘rda, Jizzax va Turkiston viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xarita”lari, energetika, kimyo sanoati, transport va logistikada loyihalar amalga oshirish bo‘yicha bitimlar qabul qilindi.
Tashrif doirasida jami 8 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti