O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bosh vazir o‘rinbosari cho‘pon ayollar faoliyatini o‘rgandi
2022-12-02 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Navoiy viloyati Nurota tumaniga tashrif buyurib, xotin-qizlar faoliyatini o‘rgandi.
“Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, Zulayho Mahkamova "Nurota qorako‘l naslchilik" mas’uliyati cheklangan jamiyatida faoliyat yuritayotgan olis otarlardagi cho‘pon ayollar hayoti, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar, cho‘pon ayollar va bolalarining sog‘liklari, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati bilan tanishdi.
Tashrif davomida cho‘pon ayollardan Mahbuba Quvondiqovaning otarida 550 dona chetdan keltirilgan angor echkilarning boqilayotgani, ularning junidan mahalliy aholi uchun paypok, ro‘mollar to‘qishni tashkil qilish, ichki bozorga mahsulot chiqarish bo‘yicha belgilangan rejalar bilan tanishdi va o‘z tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, tashrif doirasida tumandagi "Nur so‘zana" oilaviy korxona rahbari S.Fayziyevaning kashtachilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etilib, cho‘pon ayollarimizga, ularning qizlariga ham kashtachilik hunarini o‘rganish bo‘yicha "Ustoz-shogird" an’anasi sifatida o‘quvlar tashkil etildi.
Turkiyada tumandagi hunarmand ayollarning savdo ko‘rgazmasini tashkil etish, kashta eksportini kengaytirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar qo‘llab-quvvatlandi. Cho‘pon ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Manba: O'zA