O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yirik investisiya loyihalarini amalga oshirishning borishi ko‘rib chiqildi
2022-11-30 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 28-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish chora-tadbirlari, shuningdek, 2023-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarning borishi yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglandi. Mamlakatimiz tarmoqlari va hududlari kesimida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish masalalari tanqidiy ko‘rib chiqildi. Loyiha va dasturlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida loyiha tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tezkor chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Loyihalarni amalga oshirish guruhlari rahbarlari xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari doirasida moliyaviy resurslarni o‘z vaqtida, to‘liq jalb etish va o‘zlashtirish, shuningdek, ob’ektlarni vaqtida ishga tushirish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha muhokama qilingan masalalar va belgilangan vazifalar doirasida mas’ul rahbarlarga qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi