O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2022-yilning 9 oyi davomida 473 ta kompaniya IT Park rezidentiga aylandi, ulardan 141 tasi xorijiy kapitalga ega kompaniyalar
2022-11-24 | Texnologiyalar
IT Park rezident kompaniyalari soni bugungi kunga qadar 996 taga yetib, yil boshidan buyon 190% oʻsish koʻrsatkichiga ega boʻldi! Shu bilan birga, 736 ta kompaniya Toshkentda, 260 tasi esa viloyatlarda joylashgan.
996 ta rezident kompaniyalardan:
• 333 tasi –yangi ochilgan kompaniyalar;
• 142 tasi – xorijiy kapitalga ega kompaniyalar;
• 186 tasi – taʼlim kompaniyalari;
• 291 tasi – eksportyor-kompaniyalar, ulardan: 150 tasi – dasturchi-kompaniyalar va 141 tasi – BPO kompaniyalari.
Bundan tashqari, 119 ta kompaniya IT Park oldidagi majburiyatlarini bajarmagani uchun rezident maqomidan mahrum qilindi. Maʼlumki, rezidentlar oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarori talablari asosida amalga oshirishi va IT Park rezidentining faoliyat shartlari toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq majburiyatlarni bajarishi shart.
Xususan, IT Park rezidentlarining vazifalariga quyidagilar kiradi:
• Ro‘yxatga muvofiq faoliyat turlaridan kelib chiqib, faqat biznes-rejada ko‘rsatilgan faoliyat turlarini amalga oshirish;
• har chorakda IT Park Direksiyasiga o‘z faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berish;
• har yili moliya-xo‘jalik faoliyati auditini o‘tkazish va auditorlik xulosasining bir nusxasini IT Park Direksiyasiga yuborish;
• rezidentning IT Park Direksiyasi bilan ishlash shartlari to‘g‘risidagi shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish.
Nizom talablarini buzgan rezidentlar rezident maqomidan mahrum qilinadi hamda belgilangan tartibda ularni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga to‘lash majburiyatlari tiklangan holda soliq imtiyozlari bekor qilinadi.
Taʼkidlash joizki, taqdim etilayotgan imtiyozlar tufayli IT Park rezidentlari tomonidan qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, mamlakatimizda IT-mutaxassislar soni ko‘paymoqda. Shunday qilib, rezident kompaniyalarda 14590 kishi faoliyat yuritadi. Qayd etish joizki, rezident kompaniyalarda o‘tgan yilning shu davridagi xodimlar soni 8640 nafarni tashkil qilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi