O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kelgusi yili Farg‘onada Turkiy dunyo etno-moda festivali, turksoy opera kunlari, oltin vodiy xalqaro qo‘shiq festivali kabi yirik tadbirlar o‘tkaziladi

2022-11-14 | Madaniyat

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov viloyatimizga amaliy tashrif bilan kelgan TÜRKSOY – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti Bosh kotibi Sultanbay Rayev bilan uchrashdi.

Samimiy muloqot chog’ida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlik aloqalari kuchayib borayotgani, Samarqandda bo’lib o’tgan Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti ko’plab yo’nalishlarda hamkorlikni kengaytirish nuqtai nazaridan muhim voqea bo’lgani ta'kidlandi. Ushbu sammit doirasida Davlatimiz rahbari tomonidan O’zbekistonning turkiy madaniyat xalqaro tashkilotiga to’laqonli a'zo bo’lgani mamnuniyat bilan e'lon qilingani qayd etildi.

Uchrashuv chog’ida 2023-yil avgust oyida Farg’ona shahrida o’tkazilishi rejalashtirilayotgan Turkiy dunyo Etno-moda festivali, shuningdek, kelgusi yil iyul oyida Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga a'zo mamlakatlar san'atkorlari ishtirokida Farg’onada tashkil etilishi ko’zda tutilayotgan TÜRKSOY opera kunlari bilan bog’liq masalalar muhokama qilindi.

TÜRKSOY Bosh kotibi Sultanbay Rayev, Etno-moda festivali moda, musiqa, folklor hamda milliy an'analarni o’zida jamlagan yirik madaniy tadbir bo’lishini ta'kidlab, Farg’onada ushbu festival doirasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti a'zo mamlakatlar milliy liboslari ko’rgazmasi bilan birga, ushbu mamlakatlarning eng old dizaynerlari tomonidan aynan Marg’ilon atlasidan tikilgan liboslar namoyishi kuni ham tashkil etilishi rejalashtirilayotganini ma'lum qildi. Bu g’oya Marg’ilon atlasi bilan turkiy liboslar uyg’unligini shakllantirib, o’ziga xos yangi moda yo’nalishiga asos bo’lishi qayd etildi.

Kelgusi yil sentabr oyida Qo’qon shahrida bo’lib o’tadigan Ikkinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida ham Turkiy davlatlar hunarmandlari ko’rgazmasi tashkil etish, shakllantirish ko’zda tutilayotgan Turkiy dunyo nomoddiy madaniy merosi ro’yxatiga farg’ona hunarmandchiligi namunalarini kiritish yuzasidan ham hamfikrlilikka borildi.

Turkiy dunyo madaniyatida o’ziga xos o’ringa ega Farg’ona viloyatida kelgusi yil iyul oyida Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga a'zo mamlakatlar san'atkorlari ishtirokida TÜRKSOY opera kunlari tashkil etish masalasi ham uchrashuv kun tartibidan o’rin oldi. Farg’ona shahridagi Ekoshahar hududida barpo etilayotgan 4000 o’rinli amfiteatr ushbu tadbirga bosh maydon bo’lishi belgilandi.

Farg’ona viloyati hokimligi tomonidan o’tkazilishi rejalashtirilgan “Oltin vodiy” xalqaro qo’shiq festivalini TÜRKSOY hamkorligida tashkil etish, unga Farg’ona, Andijon va Namangan viloyatlari bilan birga Qirg’iziston, Tojikiston hamda Qozog’istonning Farg’ona hududida joylashgan hamda unga chegaradosh viloyatlari san'atkorlari ishtirokini ta'minlash, festivalni an'anaviy shaklda har yili turli hududlarda o’tkazishni yo’lga qo’yish bo’yicha kelishib olindi. TÜRKSOY Bosh kotibi qo’shni mamlakatlar mutasaddi organlari bilan ushbu festival bo’yicha muvofiqlashtirish masalalariga ko’maklashadigan bo’ldi.

Uchrashuvda shuningdek, turkiy davlatlar teatrlarining o’zaro gastrollarini tashkil etish bo’yicha ham so’z yuritildi.

2023-yil 1-yanvardan boshlab TÜRKSOY – Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotida O’zbekistonning doimiy vakili faoliyat boshlashini ma'lum qilgan Sultanbay Rayev, bu o’zaro hamkorlikni yanada jadal rivojlantirishga yordam berishini qayd etdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg’onada Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti bilan hamkorlikda rejalashtirilayotgan barcha tadbirlarni qo’llab-quvvatlanishini qayd etib, ularni yuqori saviyada o’tkazish uchun zarur bo’lgan barcha sharoitlarni tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Uchrashuvda viloyat hokimining o’rinbosari Xurshidjon Ahmedov ham ishtirok etdi.

Manba: Fаrg’оnа vilоyati hоkimligi

Поделиться