“ICTWEEK Uzbekistan 2022” AKT haftaligining yakunlovchi kunida “Yagona integrator – UZINFOCOM” bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha – IT Village majmuasi ochildi.
Ochilish marosimidа Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
Go‘zal manzarali va toza havoga ega tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan ushbu IT qishlog‘i respublikaning chekka hududlarida IT infratuzilmasini tashkil etish, yaqin hududlardagi bolalarni ilg‘or IT-texnologiyalar bilan qiziqtirish va o‘qitish imkonini beradi.
Shuningdek, xalqaro va mahalliy IT forumlar, dasturchilar uchun Xakatonlar va boshqa turli xil IT tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish, AKT sohasidagi yangi yo‘nalish – IT TOURISM’ni rivojlantirish uchun katta imkoniyat hisoblanadi.
60 ish joyiga mo‘ljallangan majmuada 3 ta o‘quv xonasi, 8 o‘rinli turar joy, 15 kishilik konferns-zal, tibbiyot punkti, eko-kinoteatr mavjud.
Ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ushbu IT village'ning ochilishi nafaqat Nurobod tumani uchun balki Samarqand viloyati uchun katta yangilik ekanligini ta’kidladi.
AKT vaziri Sherzod Shermatov ushbu loyihaning olis tumanlarda boshlab berilishi yurtimizda IT sohasiga katta e’tibor qaratilayotganidan darakligini bildirdi. Maktab yoshigacha bo‘lganlar ham, maktab yoshidagi o‘qituvchilar ham bemalol kelib ushbu IT village majmuasida dasturlash tillarini o‘rganishlari mumkinligini bildirdi.
IT village’ning ramziy belgisi sifatida AKT vaziri Sh. Shermatov va Samarqand viloyati hokimi E. Turdimov ishtirokida ko‘chatlar ekildi.
Manba: Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator UZINFOCOM