O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Chorvachilik: qoloq tarmoqdan iqtisodiyotning drayveriga aylanayotgan soha

2022-10-26 | Iqtisodiyot

Chorvachilikka qaratilgan eʼtibor oziq-ovqat xavfsizligiga qaratilgan eʼtibordir. Mamlakatimizda keyingi yillarda chorvachilikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami tobora kengayib bormoqda.

Natijada tarmoqda ham sifat, ham natijadorlik borasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Vaholanki, yaqin-yaqingacha tizimda nima ishlar qilinyapti, chorvadorlar sharoiti qanday, ularni qiynayotgan masalalar hal etilyaptimi, degan savollarga javob topish qiyin edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi, veterinariya fanlari doktori Bahrom NORQOBILOV bilan suhbatimiz ana shu mavzuda boʻldi.

— Sir emas, bundan besh-olti yil burun chorvachilikda koʻzga koʻrinarli yoki eʼtirofga arzigulik jihatlar yoʻq edi. Yaʼni u koʻmakka muhtoj, qoloq tarmoq sifatida faoliyat yuritgan. Adashmasam, siz oʻsha paytdagi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining ayni shu yoʻnalishida xizmat qilgansiz. Sohani yaxshi biladigan mutaxassis sifatida oʻsha yillar va hozirgi paytni oddiy qilib qanday taqqoslagan boʻlardingiz?

— Toʻgʻri aytdingiz, oʻsha davrda Qishloq va suv xoʻjaligi (hozirgi Qishloq xoʻjaligi) vazirligi tizimida aynan chorvachilik yoʻnalishida ishlaganman. Respublikamizda veterinariya va chorvachilik koʻp yillar davomida butunlay eʼtibordan chetda qolgan, qoloq tarmoqlardan biri edi. Tizimda vertikal boshqaruv boʻlmagan. Birorta yangilik, ishga innovatsion va ilmiy yondashuv, kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish yoki sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hech qanday ijobiy oʻzgarishlarga erisha olmasdik. Vazirlikdagi Veterinariya bosh boshqarmasi xodimlari atigi yetti nafar edi. Uzoq yillar shunday holatda faoliyat yuritdik. Gapim quruq boʻlmasin, bir misol keltiraman. Yaʼni yigirma besh yil davomida chorvachilik boʻyicha bor-yoʻgʻi ikkita qaror qabul qilindi. Biri 2003-yilda, ikkinchisi 2008-yilda. Qolaversa, ular tavsiyaviy ahamiyatga ega edi, xolos. Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, chorvachilikni rivojlantirish uchun aniq tizim yoki imtiyoz belgilanmagan. Shuning uchun tarmoqdagi ishlar, oʻzgarishlar yaqqol koʻzga koʻrinmasdi.

Mana, oxirgi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi veterinariya va chorvachilikda ham islohotlar oʻz samarasini beryapti.

Viloyat, tuman tizimlarida moddiy-texnik bazaning oʻzi boʻlmagan. Laboratoriyalarga oʻn yillar davomida oddiy diagnostika uskunalari olinmagan. Chorva mollarini kasalliklarga qarshi emlash profilaktik tadbirlari yuzaki oʻtkazilgan. Chunki vaksinatsiya qilish uchun mablagʻ yetishmasdi. Pullik xizmat koʻrsatish deyarli yoʻq edi. Qachon xizmatga pul toʻlanadi? Qachonki, ana shu xizmatdan foydalanuvchi natija, naf koʻrsa.

Shu oʻrinda yana bir raqam. Yaʼni 2016-yilda respublika boʻyicha xizmat koʻrsatish bor-yoʻgʻi 300 million soʻm atrofida boʻlgan. Endi oʻtgan yilgi raqamga ­eʼtibor qarating: 2021-yil bu koʻrsatkich 60 milliard soʻmni tashkil etdi. Bu — 200 barobar oʻsish, degani. Bu yil esa miqdor 100 milliard soʻmdan oshishi kutilmoqda.

Qayd etganimizdek, oxirgi yillarda eʼtibor ham, qilinayotgan ishlar koʻlami ham juda kengaydi. Buni xalqaro tashkilotlar, xorijiy hamkasblarimiz eʼtirof etmoqda.

Prezidentimiz 2017-yil yanvar oyida boʻlib oʻtgan yigʻilishda veterinariya sohasini qishloq xoʻjaligi vazirligi tarkibidan chiqarish, alohida qoʻmita tashkil etishni taklif etib, bu tizim alohida ishlamasa, hech qanday natija bermaydi, degan edi. Shundan soʻng 2017-yil 1-iyun kuni davlatimiz rahbarining “Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Oʻshandan keyin veterinariya sohasiga eʼtibor tubdan oʻzgardi. Tuzilma, boshqaruv tizimi isloh qilindi. Imtiyozlar joriy etildi. Moddiy-texnik bazani rivojlantirish imkoniyati kengaydi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2019-yil 28-martdagi tarixiy farmon va qarori bilan Veterinariya va chorvachilik davlat qoʻmitasi qaytadan tashkil etildi. Shundan keyin chorvachilik sohasida revolyutsion oʻzgarishlar davri boshlandi. Buni bejiz aytayotganim yoʻq. Chunki bu orqali chorvachilik sohasida 500 dan ortiq shtat tashkil etildi. Qoʻmita tizimida alohida chorvachilik bilan shugʻullanuvchi “Oʻzbekchorvanasl” agentligi faoliyati yoʻlga ­qoʻyildi. Agentlikka davlat byudjetidan 56 milliard soʻm mablagʻ ­ajratildi. ­Respublika — viloyat — tuman vertikal boshqaruv tizimi yaratildi.

Shuningdek, ozuqa bazasini mustahkamlashga eʼtibor qaratildi va oʻsha yilning oʻzida chorva ozuqasi uchun 320 ming gektar yerga ekin ekish belgilandi. 2022-yilga kelib bunday maydonlar 405 ming gektarga yetkazildi. Ozuqa bazasining yaxshilanishi chorva mollari koʻpayishiga, nasl yaxshilanishiga, aholi dasturxoniga goʻsht va sut mahsulotlari koʻproq yetib borishiga xizmat qiladi.

Mutaxassis sifatida yana bir jihatga eʼtibor qaratmoqchiman. Yaʼni bundan besh yil oldin bir gektar yerdan toʻrt tonna ozuqa birligi olinardi. Bu yil esa ozuqa birligi 11 tonnaga chiqdi. Bularning bari sohaga qaratilayotgan eʼtibor, oxirgi besh yil ichida veterinariya, chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish uchun davlat rahbarining 4 ta farmoni, 20 dan ortiq qarori hamda hukumatning 30 dan ziyod qarori qabul qilingani samarasi, albatta. Qoʻllab-quvvatlash, imtiyozlar, imkoniyatlar natijasi bu.

Shu bilan birga, Prezidentimizning 2020-yil 29-dekabrdagi qaroriga binoan, sohaga qoʻshimcha yangiliklar joriy etildi. Yaʼni davlat tomonidan sohaga subsidiya, imtiyoz berish boshlandi. Xususan, chetdan kimdir naslli mol olib keladigan boʻlsa, unga keltirgan har bir bosh naslli mol uchun 2 million soʻmdan davlat byudjetidan subsidiya beriladigan boʻldi. Bir bosh naslli qoʻy uchun bu miqdor 400 ming soʻm, naslli joʻja uchun esa 8 ming soʻm etib belgilandi. Naslchilik xoʻjaliklariga barcha soliqlardan 50 foizlik imtiyoz taqdim etildi. Natijada chorvadorlarimizda ishga boʻlgan munosabat oʻzgardi, ishtiyoq ortdi.

Bilasizmi, bungacha baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, umuman, chorvachilikning barcha tarmogʻida bir yilda 100 ta katta-kichik loyiha qilinardi. Nimaga? Chunki mablagʻ yoʻq edi. Bugun esa vaziyat tamomila boshqacha. Masalan, oʻtgan yili 7 trillion 800 milliard soʻmlik 1874 ta loyihani amalga oshirdik. Bu yil esa 9 trillion 200 milliard soʻmlik 2031 ta loyiha roʻyobga chiqarilyapti.

— Eʼtibor, qoʻllab-quvvatlash bor, loyihalar amalga oshirilyapti. Bular yaxshi, albatta. Lekin natija qanday boʻlyapti? Yaʼni ishlab chiqarish hajmi qay darajada yaxshilanmoqda?

— Toʻgʻri, qilinayotgan ishlar, amalga oshirilayotgan loyihalar samarasi koʻpchilikni qiziqtiradi. Aslida, bunga joylarda yangi qurilayotgan chorvachilik komplekslari, goʻsht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga moʻljallangan korxonalar yaqqol misol. Shunday boʻlsa-da, fikrimizni fakt va raqamlar bilan asoslasak, maqsadga muvofiq boʻladi. 2019-yilgacha qishloq xoʻjaligida chorvachilik yoʻnalishidagi fermer va korxonalar ulushi 4 foizni tashkil etgan. 96 foiz chorva mollari aholi qaramogʻida boʻlgan. Bugun bu koʻrsatkich 10 foizga yetdi. Bu chorvachilik fermer xoʻjaliklarida ishlab chiqarish surʼati yaxshilanyapti, degani. Yana bir statistik maʼlumot: uch yil oldin chorvachilik fermer xoʻjaliklarida bir yilda 600 tonna sut ishlab chiqarilgan boʻlsa, hozir bir million tonnadan oshib ketdi. Goʻsht ishlab chiqarish tirik vaznda 150 ming tonnadan 300 ming tonnaga koʻpaydi.

Joriy yil yakuni boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi”da belgilab berilgan 2 million 700 ming tonna goʻsht, 12 million 200 ming tonna sut, 8 milliard 200 million dona tuxum, 27 ming tonna asal ishlab chiqarishga erishiladi.

Chorvachilik fermer xoʻjaliklari oxirgi uch yarim yilda 5 ming 200 tadan 8 mingtaga yetdi. Mol bosh soni ikki barobar oshib ketdi.

Shuningdek, aholiga ham naslli chorva mollari yetkazib berilmoqda. Turli xizmatlar koʻrsatilyapti. Shuning ­hisobiga bugungi kunda respublikamizda aholi jon boshiga sut 106 foiz, goʻsht bilan taʼminlanish 105 foizga chiqdi. Yaʼni 42,8 kilogramm goʻsht oʻrniga 45,8 kilogrammga, sut esa 315 kilogramm oʻrniga 325 kilogrammga yetkazildi va oʻsish 105 foizni tashkil etdi. Xuddi shunday boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish ham oʻsib bormoqda.

— Rivojlanishda xalqaro aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda qoʻmitaning xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligi qay darajada?

— Har bir tarmoqni rivojlantirish uchun, albatta, moliyaviy mablagʻ zarur. Bugun bizda yaratilgan ish uslubi xalqaro moliya tashkilotlari bilan bemalol ishlaydigan tizim. Barcha yoʻnalish birlashgan, bir joyga jamlangan. Yaʼni ishlab chiqarish, fan, ilm, taʼlim, kadr — hammasi uzviy bogʻlangan. Bu jarayon natija beradi.

Savolingiz xalqaro aloqalar xususida boʻlgani uchun 2019-yildan buyogʻiga xalqaro moliya institutlari bilan qilinayotgan ishlar boʻyicha qisqacha maʼlumot berib oʻtsam. Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, Osiyo taraqqiyot banki, Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi, KOICA, JICA, TIKA, FAO — hammasi bilan yaxshi aloqadamiz.

Bilasiz, xalqaro tashkilotlar ham biror sohaga yoki hududga oʻz-oʻzidan mablagʻ ajratmaydi, hamkorlik qilmaydi. Buning uchun qulay sharoit va imkoniyat yaratilgan boʻlishi kerak. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar, yuritilayotgan siyosat tufayli Oʻzbekistonda shunday sharoit mavjud. Oxirgi toʻrt yil ichida xalqaro moliyaviy tashkilotlardan 425 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ jalb qilinib, 4 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilgani buning yaqqol isboti.

Ana shu hamkorlik natijasida chetdan 150 mingdan ziyod naslli mollar olib kelindi. 150 dan ortiq sutni, 56 ta goʻshtni qayta ishlash korxonalari, 70 dan ziyod omixta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar ishga tushirildi.

Qayd etish kerak, sohaga faqat kreditlar emas, grant mablagʻlari ham faol kirib kelyapti. Xususan, soʻnggi uch yilda Yevropa Ittifoqidan 13 million, Fransiya taraqqiyot agentligidan 12 million, KOICAdan 1 million dollardan ziyod, Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasidan 2,5 million dollar, umuman, 30 million dollar atrofidagi grant mablagʻlari soha rivojiga yoʻnaltirildi. Bular ertaga oʻz natijasini koʻrsatadi, albatta. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

— Xalqaro mavzudan uzoqlashmaymiz. Chunki navbatdagi savolim ham shu yoʻnalishda. Gap shundaki, yaqinda ommaviy axborot vositalarida Italiyaning Kataniya shahrida boʻlib oʻtgan yirik xalqaro konferensiyada epizootik barqarorlikni saqlashda Oʻzbekiston tajribasi yuqori baholanib, anjumanga mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari raislik qilibdi. Mazkur xalqaro eʼtirofning sabablari nimada?

— Buning asosiy sababi Xalqaro hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish tashkiloti Oʻzbekiston veterinariya va chorvachilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni tan oladi. Bu ishlardan mamnun. Oʻrnak qilishga arzigulik, deb biladi va bu xalqaro tadbirda eʼtirof etildi.

Eʼtiborlisi, bu birinchi holat emas. 2018-yilda qoʻmitamiz yangi tashkil etilgach, ushbu tashkilot rahbari Oʻzbekistonga kelib, amalga oshirilayotgan ishlarni koʻrgan edi. Aslida, dunyo tajribasi shunday: veterinariya mustaqil boʻlishi kerak. Hech qanday vazirlik tarkibida emas. Oʻzbekiston bunga birinchilardan boʻlib qoʻl urgan davlat. Shu bois, bugun Oʻzbekiston tajribasi boshqalarga ham tavsiya etilyapti.

— Mamlakatimiz chorvachilik sohasida jahonning yetakchi davlatlari bilan boʻylashishi uchun istiqbolda qanday rejalaringiz bor? Nima ishlar qilsak, shu darajaga yetamiz deb oʻylaysiz?

— Sohani chorvachiligi rivojlangan davlatlar darajasiga olib chiqish oson ish emas. Bu juda katta mehnat va resurs talab etadigan jarayon. Xalqimizda bir maqol bor, eshitgansiz. “Dehqonchilik bir yilda, chorvachilik qirq yilda”. Dehqonchilik bir yil oʻxshamasa, kelasi yil suvini, oʻgʻitini oʻz vaqtida bersangiz, kutilgan natijaga erishasiz. Shunga qiyosan, aytadigan boʻlsak, biz mustaqillikning dastlabki yillaridan eʼtibor bermaganimiz bois, chorvachilikni, deyarli yoʻqotdik. Mana, oradan oʻttiz yildan ortiq vaqt oʻtib, endi-endi tiklay boshladik.

Oxirgi besh yil ichida qilingan ishlar bilan ham sohada rivojlanib ketdik, desak xato boʻladi. Shu davrda qoloq sohaning drayver sohaga aylanishi mumkin ekanini koʻrsata oldik, yoʻlga tushdik, xolos! Rivojlanish uchun vaqt kerak.

Muhimi, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarda hamma imkoniyatlar, sharoitlar yaratib berildi. Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022-2026-yillarga moʻljallangan dastur qabul qilingan. Unda sohani taraqqiy ettirish uchun naslchilikni yanada yaxshilash, ozuqa bazasini yaratish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, investitsiyalarni jalb qilish kabi eng asosiy masalalar aniq belgilab olindi. Unda koʻrsatilgan vazifalar, albatta, amalga oshiriladi. Chunki yerimiz, suvimiz bor. Odamlarimiz mehnatkash. Soha davlatimiz tomonidan izchil qoʻllab-quvvatlanyapti.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Dilshod ULUGʻMURODOV suhbatlashdi

Manba: «Yangi O"zbekiston»

Поделиться