Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining “Xalqaro qishloq ayollari kuni” munosabati bilan bayram tabrigi!
Qadrli opa-singillar!
Bugun ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida ayollar faol ishtirok etishmoqda. Ularning mehnatsevarligi, aqlu zakovati, ishbilarmonligi va har bir jabhada doimo olg‘a intilib, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shib kelayotganliklari tahsinga sazovor, albatta.
Ayniqsa, mamlakatimizning chekka hududlarida faoliyat yuritayotgan, turmush tarzining yanada farovon va to‘kis bo‘lishi uchun mehnat qilayotgan barcha opa-singillarimizning o‘ziga xos mehnatlarini alohida ta'kidlab o‘tish o‘rinli.
Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 2007-yil 18-dekabrdagi 62/136-sonli rezolyutsiyasi bilan qishloq ayollarining qishloq xo‘jaligi va qishloq joylari rivojlanishi uchun, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va qishloq joylarida nochorlikka barham berishdagi katta hissasi tan olingan. Mazkur rezolyutsiyaga asosan butun dunyoda “15-oktabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni” sifatida nishonlanishi taklifi ilgari surilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 15-oktabr sanasini yurtimizda “Xalqaro qishloq ayollari kuni” sifatida keng nishonlash taklifi ma'qullangan edi.
Aziz qishloq ayollari!
Oilalarda doimo tinchlik-xotirjamlik, qishloqlarimizda farovon hayot hukmron bo‘lishida, yurtimizdagi fayzu baraka va hamjihatlikda sizlarning hissangiz beqiyos. O‘ylaymanki, yurtdoshlarimizning ko‘nglida Siz – aziz qishloq ayollariga aytadigan samimiy tashakkurlari bisyor.
Fursatdan foydalanib, sizlarni “Xalqaro qishloq ayollari kuni” bilan chin ko‘ngildan muborakbod etaman! Xonadoningizdan fayz-baraka, yuzingizdan tabassum arimasin.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Bahrom Norqobilov,
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish
davlat qo‘mitasi raisi
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi