O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va SHHT
2022-09-08 | ShHT
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan faol va pragmatik tashqi siyosat bugungi kunda mamlakatimizning nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida nufuzi va o‘rnini mustahkamlab, xalqaro jarayonlarga ta’sirini oshirmoqda.
Bu borada xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama hamkorlik, xususan, O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatidagi ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi.
2021-2022- yillarda tashkilotga raislik O‘zbekistonga o‘tishi keyingi 6 yilda amalga oshirilgan jadal va ochiq tashqi siyosatimiz mahsuli, mantiqiy davomi bo‘ldi, deyish mumkin.
O‘tgan yili SHHTning Dushanbe sammitida davlatimiz rahbari tashkilotga raislikning SHHT makonida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish, o‘zaro transport-kommunikatsiya aloqalari, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, madaniy-gumanitar sohada, sog‘liqni saqlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mavjud salohiyatdan keng foydalanish singari eng ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
O‘zbekiston tomonidan SHHTga raislik davrida barcha hamkorlik sohalarida 80 dan ortiq tadbir o‘tkazildi.
Keng ko‘lamda olib borilgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, bo‘lajak sammitda imzolash uchun 30 dan ortiq hujjat taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Shubhasiz, Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri SHHT oilasini yanada kengaytirish masalasidir. Davlat rahbarlari kengashi doirasida SHHTga a’zolik maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilyapti.
Bu o‘tgan yili Eronni to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilish tartibini boshlash to‘g‘risidagi qarorni amalga oshirishda muhim bosqich bo‘ladi.
Bundan tashqari, SHHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik davlatlari a’zoligini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Sammitda SHHT va qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Yana bir qabul qilishga tayyorlanayotgan muhim hujjat bu – Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani 2023-2027-- yillarda amalga oshirish bo‘yicha Keng qamrovli rejadir.
Ushbu strategik ahamiyatga ega hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va SHHTga a’zo barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Reja loyihasi tashkilot doirasida barcha sohalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamkorlik yo‘nalishlarini jalb qilgan
va hozirgi kunda 120 ga yaqin tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Ayniqsa, asosiy urg‘u savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga karatilgan. Masalan, investitsiyalar, energetika, transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi, axborot va telekommunikatsiyalar, qishloq xo‘jjaligi, bojxona va boshqa sohalardagi sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq tadbirlar va ularning bajarilishiga mas’ul idoralar belgilangan.
Mazkur Shartnomani o‘z ahamiyatiga ko‘ra SHHT Xartiyasi bilan solishtirish mumkin. Agar Xartiya tashkilotning “ruhi”, uning kompasi bo‘lsa, Shartnoma SHHTning “vijdoni” va xar bir a’zo davlatning o‘z xissasini qo‘shish majburiyatidir.
Bu hujjat tashkilotga tanlangan yo‘lidan adashmaslik imkoniyatini beradigan “kompas”ning to‘g‘ri, ritmik va barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan.
Xartiya va Shartnoma mohiyatidan SHHTning asosiy siyosiy va huquqiy rishtalari bo‘lib, uning falsafasi va qiyofasini uzoq muddatga, tashkilot mavjud bo‘lgan butun davrga belgilab beradi.
Shartnomaning asosiy xususiyatlari, avvalambor, hujjatning har bir qoidasi barcha a’zo davlatlarning milliy manfaatlariga, shuningdek, SHHTning keng hududida uzoq muddatli hamkorlikda rivojlantirish maqsadlariga javob beradi.
Milliy va umumiy manfaatlarning uyg‘unligi, ularning sinegriyasi Shartnomani barqaror qiladi, uning har bir ishtirokchisi manfaati uchun xizmat qiladi.
Demak, imzolashga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan keng qamrovli reja va unda ko‘rsatilgan aniq tadbirlar SHHTga a’zo barcha davlatlar va, birinchi navbatda, O‘zbekiston manfaatlariga xizmat kiladi.
SHHT – dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot
SHHTga a’zo davlatlarning umumiy maydoni 34 million km², ya’ni Yevroosiyo qit’asining 60 foizini tashkil etadi. A’zo davlatlar nufusi 3 milliardga yaqin yoki yer yuzi aholisining qariyb yarmiga teng. SHHT mamlakatlari jahon iqtisodiyotining 20 foizini qoplaydi.
Eronning tashkilotga to‘laqonli a’zo etib qabul qilinishi orqali SHHT strategik muhim mintaqa hisoblangan Yaqin Sharqqa eshik ochadi.
Tashkilot muvaffaqiyatining kaliti ko‘p qirrali hamkorlik va ochiqlik bilan bog‘liq ekani barchaga ayon. Shu bois ham tuzilma ochiq muloqot, mintaqalararo keng sheriklik uchun mos va qulay maydon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti asoschilaridan biri
O‘zbekiston SHHT doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning kelgusi strategiyasini belgilashda doimo yetakchilar safida e’tirof etiladi.
Biz SHHTga terrorizm, ekstremizm, separatizm, giyohvandlik, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, ko‘p tomonlama o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklikni rivojlantirish vositasi sifatida qaraymiz.
Mamlakatimiz avval ham tashkilotga uch marta raislik qilgan. O‘zbekiston tashabbusi bilan 2004- yil Toshkentda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ta’sis etildi, Xavfsizlik kengashlari kotiblari yig‘ilishlari formati joriy etildi, SHHTda kuzatuvchi maqomini berish mexanizmi ishga tushirildi.
2010- yil poytaxtimizda o‘tgan a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida tashkilotning Ish tartibi qoidalari
va Yangi a’zolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining 2016- yildagi Toshkent sammitining asosiy natijalaridan biri SHHTga a’zo davlat maqomini olish maqsadida Hindiston va Pokiston majburiyatlari to‘g‘risida memorandumlar imzolanishidir. Bu tashkilot salohiyatini ko‘tarishga va xalqaro maydondagi rolini yanada oshirishga xizmat qildi.
2017-yildan respublikamiz SHHT doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish tashabbuskoriga aylandi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan besh yil mobaynida SHHT sammitlarida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsiya va boshqa sohalar bo‘yicha hamkorlik samaradorligini oshirishga doir 54 ta tashabbus ilgari surildi. Shulardan 37 tasi hayotga tatbiq etilgan bo‘lsa, qolgan 17 tasi amalga oshirilish jarayonida.
Dushanbe sammitida o‘zbek tomoni ilgari surgan bir qator tashabbuslar – SHHTning “Yashil kamar” dasturi, Xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik rejasi, SHHT Iqtisodiy forumi konsepsiyasi, shuningdek, SHHTning Turizm va madaniy poytaxti to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston amalga oshayotgan tashabbuslar bo‘yicha SHHTda yetakchi o‘rinni egallab turibdi. O‘tgan yillarda o‘zbek tomoni, asosan, xavfsizlik sohasida faollik ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda umumiy salohiyatni iqtisodiyot, transport va logistika, innovatsion va raqamli rivojlanish, madaniy va xalq diplomatiyasi kabi yo‘nalishlar orqali ko‘tarish zarurligiga e’tibor qaratmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan SHHT makonida amalga oshirilayotgan strategiya konstruktivlik, pragmatizm va tashabbuskorlik kabi muhim tamoyillarga asoslangan.
O‘zbekiston tashqi siyosatining ustunligi SHHT doirasida Toshkent ilgari surgan tashabbuslar, ayniqsa, hududni barqaror rivojlantirishga qaratilgan vazifalar haqida gap ketganda, a’zo mamlakatlar milliy manfaatiga ham to‘la javob berishida o‘z ifodasini topadi. Shu bois mazkur tashabbuslar SHHTga a’zo barcha davlatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Samarqand sammiti oldidan mamlakatimiz raisligida olib borilgan ishlar Tashkilot faoliyatini aniq va samarali, yangi va salmoqli loyihalar bilan boyitdi. Demak, O‘zbekiston yana bir murakkab siyosiy sinovdan sharaf bilan o‘tdi, deb ayta olamiz.
O‘zbekistonning SHHTga raisligi 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitda sarhisob qilinadi.
Ishonchimiz komilki, anjuman yirik siyosiy va diplomatik forumga aylanadi va tashkilotning keyingi evolyutsiyasi yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixga muhrlanadi.
Anvar NASIROV, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori.
Manba: O'zA