O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari amaliy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar
2022-09-07 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-sentabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qozog‘iston yetakchisiga Qo‘stanay viloyatidagi o‘rmon yong‘inlari munosabati bilan dalda so‘zlarini bildirdi hamda favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini qayd etdi.
Ikki mamlakat Prezidentlari O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida amaliy sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Savdo, sanoat, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Shu oyda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibi muhokama qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti