O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O'zbekiston va Belorussiya qishloq xo'jaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish niyatida
2022-08-26 | Iqtisodiyot
Minsk shahrida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Belorusiya qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat vaziri Igor Brilo bilan uchrashuv o'tkazdi.
Suhbat davomida oziq-ovqat mahsulotlarini o'zaro yetkazib berish, qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasidagi o'zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Yuqori talabga ega oziq-ovqat mahsulotlarining yillik qo'shma balansini shakllantirish jarayoni tahlil qilindi. Uning natijalariga ko'ra, forvard va fyuchers shartnomalari asosida kartoshka, don va moyli ekinlar, meva-sabzavot mahsulotlarini tizimli ravishda o'zaro yetkazib berishni oshirishga kelishildi. Tomonlar qishloq xo'jaligi mahsulotlarini to'g'ridan-to'g'ri yetkazib berishni yo'lga qo'yish maqsadida ishonchli eksportchi va importchi korxonalar ro'yxatini tuzishga, shuningdek, talabga ega oziq-ovqat mahsulotlarini o'zaro yetkazib berishning tashkiliy, moliyaviy va sug'urta mexanizmlarini nazarda tutuvchi "Yo'l xaritasini" qabul qilishga kelishib oldilar.
Toshkent viloyati Yangiyo'l tumanida "Gomelagropromproekt" kompaniyasi bilan birgalikda go'sht-sut kompleksini tashkil etish qo'shma loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Loyihani amalga oshirish jarayonini, shu jumladan Belorussiya investitsiya tuzilmalari mablag'larini jalb qilish hisobiga faollashtirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat ilmiy-amaliy markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlari o'rtasida o'simlikshunoslik, urug'chilik va veterinariya sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yishni qo'llab-quvvatlashga o'zaro tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yo'nalishlari doirasida o'zaro hamkorlikni faollashtirishga sodiqligini bildirdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi