Tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish doimo davlat va jamiyat hayoti uchun muhim masalalardan biri bo‘lib kelgan.
Ayniqsa, ekologik muammolar jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan hamda global muammoga aylangan bugungi kunda mazkur masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Olimlarimiz ma'lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda 7 milliondan ortiq insonlar atmosfera havosining ifloslanishi va boshqa ekologik muammolar ta'siridan vafot etmoqda, har soatda 1700 gektarga yaqin unumdor yerlar cho‘lga aylanmoqda.
Respublikamizda ekologik barqarorlikni ta'minlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga jiddiy e'tibor berilmoqda. Ushbu muammolarni hal qilishda ilmiy-tadqiqot ishlariga ham katta e'tibor berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Atrof muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 30- dekabrdagi PQ–76-son qarori ijrosini ta'minlash hamda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida innovasion va ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada jadallashtirish, atmosfera, yer va suv resurslarining ifloslanishini kamaytirish, biologik xilma-xillikni saqlash, chiqindilarni qayta ishlash va utilizasiya qilish, shuningdek, tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan yangi texnologiyalarni ishlab chiqish maqsadida 2022-yil 18-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 458-sonli qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini yanada takomillashtirish va kompleks rivojlantirish bo‘yicha 10 ta asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Ushbu yo‘nalishlardagi vazifalar ijrosini ta'minlash, dolzarb yo‘nalishlardagi ilmiy tadqiqotlarni yanada kuchaytirish maqsadida institutda Bioxilma-xillikni saqlash va Chiqindilarni qayta ishlash va utilizasiya qilish laboratoriyalari, Yashil o‘sish va iqlim o‘zgarishi, Ekotizim xizmatlari va normativ hujjatlarni ishlab chiqish hamda Ekologik ta'lim va targ‘ibot bo‘limlari tashkil etilib, barcha laboratoriya va bo‘limlarga yuqori malakali mutaxassislar jalb etiladi.
Qaror bilan institut ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida tayanch ilmiy tashkilot va davlat buyurtmalari bo‘yicha asosiy ijrochi etib belgilanib, institutda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi Kengash tuzilishi belgilandi.
Institutda Fanlar akademiyasi, tarmoq ilmiy tashkilotlari va xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik va integratsiya tizimi yaratiladi. Buning uchun institutga ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasining xorijiy yetakchi ekspertlari xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasining jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jalb qilinadi.
Bundan tashqari institutga o‘z vazifalarini hamda xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha majburiyatlarini bajarish maqsadida tegishlicha oliy ta'lim va ilmiy tashkilotlarning professor-o‘qituvchilarini, yosh olimlar va iste'dodli talabalarni, shuningdek, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda vaqtinchalik ilmiy guruhlarni tashkil etish vakolati berildi.
Respublikamizdagi 106 ta ilmiy tashkilotlardan 68 tasi byudjetdan, 23 tasi – ilmiy loyihalar uchun ajratilgan mablag‘lardan, 15 tasi – o‘zining yoki biriktirilgan idoralarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Qaror bilan 2022-yil 1-sentyabrdan institut xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarni qoplash O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish tizimi joriy qilinib, institut xodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari tatbiq etilmoqda. Institut xodimlari umumiy cheklangan soni – 45 nafardan 35 nafargacha kamaytirilmoqda.
Qarorda institut faoliyati uchun alohida bino ajratish va institutning “Ilmiy-tajriba stansiyasi” ni tashkil qilish ko‘zda tutilmoqda.
Institut ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash maqsadida Innovasion rivojlanish vazirligining Ilm-fanni moliyalashtirish va innovasiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan jami 1,5 mlrd so‘mlik 27 turdagi laboratoriya uskunalari va 19 turdagi reagent va butlovchi materiallar xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda Innovasion rivojlanish vazirligiga tegishli maqsadlarga ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan institutning shaffof tanlov asosida tanlab olingan 5 nafargacha ilmiy xodimlarini har yili nufuzli xorijiy ilmiy markazlar va oliy ta'lim muassasalarida malaka oshirishga yuborish ko‘zda tutilgan.
Qarorda belgilangan barcha topshiriq va vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi kelajakda respublikamizda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasi ilm-fannining rivojlanishiga, sohada malakali va yuqori bilimli kadrlar ulushining ortishiga xizmat qiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi