O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Islom birdamligi sport tashkilotlarining 11-Bosh Assambleya yig‘ilishi o‘tkazildi
2022-08-08 | Turizm
Konya shahrida V Islom birdamligi o‘yinlari arafasida Islom birdamligi sport tashkilotlarining 11-Bosh Assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro tashkilot rahbari shahzoda Abdulaziz bin Turkiy Al Faysal, Turkiya yoshlar va sport vaziri Mehmet Kasapoglu, shuningdek, bir qator martabali mehmonlar, O‘zbekiston nomidan MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etdi.
Dastavval shahzoda Al Faysal, so‘ng Mehmet Kasapoglu musobaqada ishtirok etayotgan barcha davlatlarni sport ostida birlashganini ko‘rishdan mamnun ekanini, kelgusida mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash rejalari haqida gapirib o‘tishdi. Yig‘ilish davomida xalqaro tashkilot faoliyati, mazkur o‘yinlar dasturini yanada takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda bir qator ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilishda beshinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur musobaqada ishtirokchi davlatlar va sport turlarining geografiyasi kengayib borayotgani, bellashuvlar sport prinsiplari asosida o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, musobaqaning nufuzini ko‘tarish maqsadida kelgusi o‘yinlarni Olimpiada uchun litsenzion xarakterga ega darajaga ko‘tarish masalasi ham o‘rtaga tashlandi. Ma’lumot uchun, 2025-yil Kamerun Afrika davlatlari orasida ushbu o‘yinlarni birinchi bor qabul qiladi.
Assambleya doirasida Oybek Kasimov bir qator mamlakatlarning Milliy Olimpiya qo‘mitalari rahbarlari bilan ko‘rishib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha suhbatlashdi.
Qayd etish joiz, Konyada o‘tayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida dunyoning 56 mamlakatidan tashrif buyurgan atletlar ishtirok etmoqda. O‘zbekiston unda qatnashayotgan katta delegatsiyalardan biri bo‘lib, 265 nafar atlet mamlakatimiz sharafini himoya qiladi. Ayni paytga kelib, delegatsiyamiz hisobida 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallari mavjud. Musobaqaning tantanali ochilish marosisi 9 avgust kuni o‘tkaziladi.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi