O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifni tayyorlash bo'yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi
2022-08-05 | Iqtisodiyot
O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev raisligida hamda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari rahbarlari ishtirokida O'zbekiston delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligiga rejalashtirilgan tashrifini tayyorlash masalalarini muhokama qilishga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Tashrifga tayyorgarlik ko'rish jarayonida bajarilgan ishlar to'g'risida mas'ul rahbarlarning hisobotlari tinglandi. Tadbir kun tartibini mazmun jihatidan boyitish maqsadida neft-kimyo, tog' - kon sanoati, qurilish tarmog'i, qishloq xo'jaligi, tibbiyot, bank va moliya sohalarida investitsiyaviy loyihalarni hamda savdo shartnomalarini ishlab chiqish va kelishishni jadallashtirish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Xususan, "Acwa Power" kompaniyasi bilan imzolash uchun qo'shma loyihalar to'plamini tayyorlashni tezlashtirish, "Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group" va "Sabik" kompaniyasi bilan muzokaralar o'tkazish, "Al-Raji International" bilan qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha "Yo'l xaritasi"ni imzolashga tayyorlash topshirildi. Shuningdek, Saudiya kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muzokaralar olib borish bo'yicha topshiriq berildi. Tashrif maydonlarida ikki mamlakatning energetika, qishloq xo'jaligi, innovatsion rivojlanish, transport, ta'lim, turizm, sport, sog'liqni saqlash va boshqa sohalardagi o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishni belgilovchi bir qator shartnomalar va memorandumlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Yig'ilish yakunida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga bo'lajak tashrifga yo'qori darajada tayyorgarlik ko'rishga doir qo'shimcha topshiriqlar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi