O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent kimyo-texnologiya instituti O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib EURASga a’zo bo‘ldi
2022-07-28 | Ta’lim
Ta’lim olish har bir insonning huquqi. Zamon talabiga munosib oliy ta’limga ega bo‘lish esa yorqin kelajak sari dadil qadam bo‘ladi. Shu bois mamlakatimizda yoshlarning oliy ta’limga ega bo‘lishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga, oliy ta’lim muassasalarida qabul kvotalarini bosqichma-bosqich oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida talabalar sonining yildan-yilga ko‘payishi o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy qilish, xodimlarni ilg‘or xorij tajribasi asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish zaruriyatini kuchaytirmoqda. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimini isloh qilish, sifat darajasini oshirish yo‘lida ustuvor vazifa sifatida dunyodagi eng ilg‘or mamlakatlar bilan tajriba almashish, global ta’lim jarayonlarida faol ishtirok etish kabilar belgilab berildi. Zero, yopiq sharoitlarda ta’limni rivojlantirib bo‘lmasligi ko‘plab mamlakatlar tajribasidan ma’lum.
2008-yilda tashkil etilgan Yevrosiyo oliy ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi — EURAS Yevrosiyo mintaqasidagi universitetlar va boshqa oliy ta’lim muassasalarini qamrab olgan ittifoqdir. EURASga Daniya, Shveysariya, Rossiya, Qozog‘iston, Latviya, Ozarbayjon, Xitoy, Xorvatiya, Misr, Gruziya, Hindiston, Italiya, Portugaliya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Ukraina kabi jami 47 ta davlatdan 131 ta oliy ta’lim muassasalari a’zo edi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib Yevrosiyo oliy ta’lim muassasalari assotsiatsiyasiga a’zo bo‘ldi va a’zo davlatlar soni 48 taga, oliy ta’lim muassasalari soni 132 taga yetdi.
Xo‘sh, EURASning o‘zi qanday tashkilot? A’zolik oliy ta’lim muassasalariga qanday ustunlik beradi? Oliy ta’lim muassasalarining xodimlari va talabalariga qanday qulayliklar mavjud?
Yevrosiyo oliy ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi notijorat xalqaro assotsiatsiya bo‘lib, butun G‘arbiy va Markaziy Yevropa, Bolqon, Kavkaz, Yaqin Sharq hamda butun Osiyodagi 130dan ortiq universitetlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantiradi va Yevrosiyo mintaqasida ta’lim standartlarini global yuksaltirish uchun faoliyat yuritadi. Dunyo sivilizatsiyalarning beshigi bo‘lgan va butun dunyo aholisining 2/3 qismiga ega bo‘lgan Yevrosiyo mintaqasi shu tariqa ta’lim taraqqiyoti va madaniy oqimlar bo‘yicha mukammallik markaziga aylanadi. Mintaqaviy universitetlar uchun xalqaro ta’lim platformasini qurish orqali EURAS o‘z a’zolariga butun dunyo bo‘ylab eng yaxshi ta’lim xizmatlariga kirish eshigi sifatida xizmat qiladi. EURAS global miqyosda eng yuqori yutuqlarga erishish uchun keng ko‘lamli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan, eng tez rivojlanayotgan oliy ta’lim assotsiatsiyalaridan biri sifatida oliy ta’lim muassasalarini o‘zaro bog‘laydi. Ular bilan muloqot, hamkorlik va ilg‘or tajriba almashish yo‘llarini izlaydi. Ta’limning akademik standartlarini takomillashtirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, talabalar va akademik xodimlarning harakatchanligini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, a’zo universitetlarning dunyo bo‘ylab obro‘si va imijini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning manfaatlari va tashvishlarini ifodalaydi.
Ta’kidlash joizki, ta’lim sifatini ta’minlashda bugungi globalizatsiya jarayonlariga qo‘shilish, jahon hamjamiyatiga integratsiya qilish mamlakatimiz kelajagi uchun juda muhim hisoblanadi. Shunday ekan, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasasining Yevrosiyo oliy ta’lim muassasalari assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lishi bu maskandagi ta’lim jarayonining dunyoviy ilmiy-intellektual, badiiy-estetik va ma’naviy-axloqiy madaniyat yutuqlari bilan boyishiga, o‘zaro hamkorlik aloqalari orqali ta’lim sifati oshishiga zamin bo‘ladi.
Manba: O'zA