O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdoridir

2022-07-25 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni qator xorijiy mamlakatlarning davlat rahbarlari va nufuzli siyosatchilari bilan telefon orqali muloqot qildi.

Xorijiy hamkorlar davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, Prezidentimizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat hamda aholi turmush darajasini tubdan oshirish, demokratik jamiyat institutlarini mustahkamlash, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va xalqaro mavqeini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlar strategiyasini amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston yetakchisining qisqa muddatda yurtimizning jahon mamlakatlari va ko‘p tomonlama tuzilmalari bilan sheriklik darajasini sezilarli oshirish, uni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilgan pragmatik va faol tashqi siyosati alohida qayd etildi.

Bundan tashqari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, bo‘lajak sammitlar, shu jumladan SHXT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalarning yig‘ilishlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Prezidentimiz rahbarligida iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo‘lidan muvaffaqiyatli borayotgani, xalqaro masalalarda konstruktiv rol o‘ynayotganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, u kuni kecha Shavkat Mirziyoyevni do‘stlik va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Rossiyaning yuksak davlat mukofoti – Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida farmon imzolanganini xabar qildi.

Muloqot chog‘ida Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Hukumatlararo darajada yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik mexanizmlari doirasida, shu jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlikning yuqori sur’atini ta’minlash va ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida birgalikdagi faol ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari hududlar o‘rtasidagi samarali aloqalar va almashinuvlarni ham mamnuniyat bilan qayd etib, ularni yanada kengaytirish lozimligini ta’kidladilar.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an telefon orqali muloqotda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash borasidagi qat’iy sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajada erishilgan, shu jumladan o‘zaro savdo hajmini oshirish, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish sohalarida, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalarini jadallashtirish hamda gumanitar almashinuvni faollashtirish borasidagi kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjonning tashqi ishlar, savdo va transport vazirlari darajasida ko‘p tomonlama maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish tashabbusining amaliy ahamiyati qayd etildi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan keng ko‘lamli islohotlarning hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi barqaror o‘sish kafolati bo‘lib xizmat qilishi, Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha yuksak maqsad va vazifalar tez fursatda ro‘yobga chiqishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo va logistika, sanoat va agrosanoat sohalarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari darajasida yaqindan aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, mintaqada yirik infratuzilma loyihalarini tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishni boshlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

«Yangi O‘zbekistonning barpo etilishi va rivojlanishi, mamlakatda bugun amalga oshirilayotgan tub islohotlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyati bilan chambarchas bog‘liq», dedi Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov.

Muloqotda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat hukumatlari savdo shartnomalari va sanoat kooperatsiyasi bitimlarining yangi to‘plamini, shuningdek, O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sherikligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlashi muhimligi qayd etildi.

Energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston yetakchisi Qirg‘iziston Prezidentini joriy yil 20-21-iyul kunlari Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi.

Telefon orqali muloqotda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon davlatimiz rahbarining O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash va kengaytirishdagi alohida xizmatlarini qayd etdi.

Joriy yil 2-3-iyun kunlari Tojikiston Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni bajarish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Eng avvalo energetika sohasidagi kooperatsiya loyihalarini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yil sentabr oyida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.

Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida ko‘p yillardan buyon jadal rivojlanib kelayotgan do‘stlik va birodarlik munosabatlari keyingi paytlarda yangi mazmun bilan boyiganini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, bu O‘zbekiston Prezidentining ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratayotgan alohida e’tibori va ulkan shaxsiy hissasi tufaylidir.

Joriy yil 14-15-iyul kunlari Turkmaniston Prezidenti mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashrifining samarali yakunlari yuqori baholandi. Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida erishilgan kelishuvlarni, shu jumladan Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘rta muddatli dasturni, Chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish loyihasini, birinchi Hududlar forumi va Ishbilarmonlar kengashi yakunida imzolangan savdo shartnomalari va bitimlarini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Samarali yo‘lga qo‘yilgan parlamentlararo muloqot doirasida olib borilayotgan faol aloqalar va almashinuvlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

«O‘zbekiston ravnaq topayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotgan, xalqaro maydonda hurmat-e’tibor qozongan mamlakatga aylandi. Birodar O‘zbekistonning muvaffaqiyatlaridan Ozarbayjon Respublikasi chin dildan xursand», dedi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev.

Prezidentlar joriy yil 21-22-iyun kunlari mamlakatimizda o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlarning sermahsul natijalarini yuqori baholadilar.

O‘zbekiston-Ozarbayjon muzokaralari yakunida qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Hukumatlar va idoralar darajasida faol muloqotlar va almashinuvlar davom etayotgani, o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sish sur’atlari yuqori va barqaror ekani, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha birgalikda samarali ishlanayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko “milliy xavfsizlikka tahdid va xatarlar misli ko‘rilmagan darajada bo‘lgan bugungi davrimizda kuchli va dono rahbarlikka ehtiyoj ayniqsa dolzarbdir. Davlat manfaatlariga sodiqlik, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorlik O‘zbekistonning haqiqiy yetakchisiga xos fazilatlardir”, deb alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida Prezidentlar keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Belarus munosabatlari jadal rivojlanib, aniq mazmun bilan boyib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O‘zaro savdo hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari soni oshmoqda, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuv kengaymoqda.

Hukumatlar rahbarlari darajasida muntazam va samarali muloqot yo‘lga qo‘yilgani yuqori baholandi. Mashinasozlik, agrosanoat majmui, kimyo, farmatsevtika va elektrotexnika tarmoqlarida, amaliy hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Yaqin va samarali parlamentlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, bu O‘zbekiston-Rossiya do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlashga xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mintaqaviy hamkorlik doirasida joriy yil may oyida Ashxobod shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyaning parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Oktabr oyida Toshkent shahrida MDH Parlamentlararo assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston yetakchisi ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida yaqin va sermahsul hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlatimiz rahbari birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shganini ta’kidladi.

Suhbatda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib, O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi. Shu yilning 20-21-iyul kunlari Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining yakunlariga yuksak baho berildi.

*****

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga nufuzli global tashkilotlar rahbarlari va xorijiy yetakchilardan qutlovlar kelgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakat muhim islohotlar jarayonini amalga oshirish bilan bir qatorda iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarga hissa qo‘shmoqda».

Bosh kotib O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish bo‘yicha o‘z zimmasiga alohida majburiyat olganini qayd etdi.

«Birlashgan Millatlar Tashkiloti bundan buyon ham BMT nizomida mustahkamlab qo‘yilgan qadriyat va prinsiplarni ilgari surishda O‘zbekiston Respublikasiga tayanadi», deyiladi eng nufuzli global institut Bosh kotibining maktubida.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘z tabriknomasida «Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda turli sohalardagi yangilanishlar dadil amalga oshirilmoqda va Yangi O‘zbekistonni barpo etish ishlari keng quloch yozmoqda, bundan esa Xitoy tomoni juda mamnun», deb ta’kidlagan.

«Joriy yilda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanmoqda. O‘ttiz yil davomida Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari uzluksiz rivojlanib, davlatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.

Joriy yil fevral oyida Pekinda sermahsul uchrashuv o‘tkazdik va ikki tomonlama munosabatlarni yangi tarixiy voqelik sharoitlarida ilgari surish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdik.

Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqdaman va Siz bilan o‘rtamizdagi mustahkam do‘stlikni qadrlayman. Ikki mamlakat va xalq farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga birgalikda harakat qilishga tayyorman», deb ta’kidlagan Rais Si Szinpin.

*****

Quyidagilar ham o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

Armaniston Respublikasi Prezidenti Vaagn Xachaturyan;

Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxaagiyn Xurelsux;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin;

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi Raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev;

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan;

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Sayf bin Zoid Ol Nahayon;

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev;

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min;

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Bag‘dod Amreyev;

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich;

Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim;

Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться