O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O'zbekiston – Еron Ilm-fan va innovatsiyalar forumi bo'lib o'tdi
2022-07-21 | Innovatsiya
Еron Islom Respublikasi Prezidentining ilm-fan va texnologiyalar bo'yicha Vitse-prezidenti S. Sattoriyning O'zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida joriy yilning 20-iyul kuni Еronning Fan, tadqiqotlar va texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “O'zbekiston-Еron fan va innovatsiya forumi” o'tkazildi.
Forumni O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi. O'zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov O'zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi haqida so'zladi. Joriy oyda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan 2022-2026 yillarda O'zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlanish strategiyasi innovatsion rivojlanish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining sa'y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan strategik hujjat bo'lib, uning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi oshadi.
So'ng Еron Islom Respublikasining vitse prezidenti Sorena Sattoriy ma'ruzasi tinglandi.
Shuningdek, Forumda Qishloq xo'jaligi vazirligi xuzuridagi “Oziq ovqat va qishloq xo'jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi” direktori Alisher Shukurov qishloq xo'jaligi tarmog'iga samarador innovatsion texnologiyalarini joriy qilish istiqbollari to'g'risidagi ma'ruzasi bilan ishtirok etdi. Еron Islom Respublikasi Vitse-prezident idorasining biotexnologiyalar bo'yicha sektor kotibi Mustafo Qonei Eron Islom Respublikasida qishloq xo'jaligi biotexnologiyalar bo'yicha korxonalar faoliyatiga to'xtalib o'tdi.
Еronda innovatsiyalarni iqtisodiyotning turli sohalariga tatbiq etish, ilmiy loyihalarni qo'llab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, startap ekotizimini shakllantirish kabi mas'uliyatli vazifalar katta muvaffaqiyat bilan bajarib kelinmoqda.
O'zbekiston–Еron o'rtasidagi ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik yillar davomida izchil rivojlanib bormoqda. Joriy yilda mamlakatlarimiz o'rtasida imzolangan Ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik to'g'risida Anglashuv memorandumi bio- va nanotexnologiyalar, axborot-kommunikatsiyalari, qishloq xo'jaligi va boshqa ko'plab ilmiy sohalarda aloqalar kengayishiga xizmat qiladi.
Mazkur forum doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi binosining ko'rgazmalar zalida O'zbekiston va Еronning innovatsion kompaniyalari va startaplarining mahsulotlari ko'rgazmasi tashkil etildi. Unda ikki mamlakat korxona va tashkilotlarining innovatsion ishlanma va mahsulotlari namoyish qilindi. Mazkur ko'rgazmada Еron tomonidan tibbiyot, chorvachilik, oziq-ovqat va boshqa turli xil sohalarda faoliyat yurituvchi 35 ta уetakchi innovatsion kompaniyalar o'zlarining innovatsion mahsulot va loyihalari bilan ishtirok etmoqda.
Shu bilan birga, O'zbekiston va Eron mamlakatlarining ishbilarmonlari o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda qishloq xo'jaligi, chorvachilik, tibbiyot, axborot texnologiyalari va oziq ovqat sanoati kabi yo'nalishlarda o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yish maqsadida ko'rgazma doirasida ikki mamlakat ishbilarmon vakillari o'rtasida “B2B” uchrashuvlar o'tkazilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi