O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida

2022-07-20 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ta’lim tashkilotlarida tahsil olish istagidagi xotin-qizlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022- yil 7- martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-son farmoniga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda ta’lim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat byudjetidan mablag‘ ajratishning yangi tizimi joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki:

tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditlarini 14 foiz stavkada ajratadi;

ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;

ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkalarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan, ularni tijorat banklariga to‘lash orqali amalga oshiriladi;

ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tijorat banklarining so‘rovlariga asosan kelgusida 14 foiz stavkada ta’lim krediti ajratish uchun ularga 10 foiz stavkada depozit mablag‘lari joylashtiriladi;

Jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun tijorat banklariga zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida Jamg‘armaga 1 ta Maktabgacha ta’lim vazirligi shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan va 1 ta Moliya vazirligining umumiy shtat birliklari doirasida jami 2 ta shtat birligi ajratiladi.

3. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi uchun ta’lim kreditlarini ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

4. Moliya vazirligi Jamg‘armaga 2022- yilda mablag‘larning Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari, byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ajratilishini, 2023- yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

6. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov hamda moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                    Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022-yil 18-iyul

Manba: O'zA

Поделиться