O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namanganda Avstriya kompaniyasi hamkorligida travmatologiya markazi barpo etiladi
2022-07-13 | Siyosat
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Avstriyaning “AME International” kompaniyasi direktori Xayns Messinjer bilan uchrashdi.
Ta’kidlanganidek, Avstriya kompaniyasi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filialini 9 million AQSH dollari miqdoridagi tibbiy jihozlar bilan ta’minlash loyihasida ishtirok etmoqda.
Namangan shahrida joylashgan sobiq endokrinologiya dispanseri binosi o‘rnida viloyat travmatologiya shifoxonasini qurish va jihozlash bo‘yicha amaliy sa’y-harakatlarga kirishildi. Rejaga ko‘ra, 2023-yil yakuniga qadar Respublika travmatologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali tashkil etiladi. Buning uchun avstriyaliklar sarmoyasi natijasida 10 million dollarlik zamonaviy tibbiy jihozlar keltiriladi.
Xorijlik nufuzli mehmon ishtirokidagi uchrashuvda mazkur tibbiyot markazining konseptual va funksional bosh rejasi taqdimoti o‘tkazildi. Avstriyalik hamkorning qayd etishicha, ushbu reja kelgusi 10-15 yillikni hisobga olgan holda tuzilgan. Unda ambulatoriya, statsionar, diagnostika va davolash xizmatlari, tibbiy yordam xizmatlari singari bo‘limlar o‘rin oladi. Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning shu yil may oyida Avstriyaga amaliy tashrifi chog‘ida bir qator ishbilarmonlar bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkazgan va buning natijasida “AME International” kompaniyasi rahbari o‘tgan oyda Namanganga kelib, travmatologiya markazi loyihasi bo‘yicha qilinajak ishlar bilan tanishgan edi.
Manba: O'zA