O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar
2022-07-06 | Siyosat
5-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilgan qat’iy choralarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘tgan yil noyabr oyida Moskva shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki tomonlama muloqotlar va o‘zaro almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 35 foizga oshdi. Yirik investitsiya loyihalari va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlari davom ettirilmoqda.
Mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan Samarqand shahrida o‘tkaziladigan ShHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasidagi tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti