O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar
2022-07-04 | Siyosat
4-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpog‘istonda qonunga zid xatti-harakatlarga chek qo‘yish, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan qat’iy chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shu jumladan sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika, mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish sohalarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish nuqtai nazaridan ko‘p tomonlama va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.
O‘tgan hafta Bishkek shahrida o‘tgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalarining Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarining natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti