Samarqand viloyatida infratuzilmaviy obektlarni qurish ishlarining borishi o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov rahbarligidagi ishchi guruh Samarqand viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanishining bugungi holatini o‘rganish maqsadida mazkur hududga jo‘nab ketdi.
Tashrif davomida bir qator yirik infratuzilmaviy obektlar, jumladan, “Samarkand Touristic Centre” turistik majmuasini qurish ishlarining borishi o‘rganildi.
Ta'kidlash joizki, joriy yilda Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining Sammiti hamda Turkiy tilli davlatlar tashkilotining Sammiti bo‘lib o‘tadi, 2023-yilda esa Samarqand Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining yillik yig‘ilishi o‘tkaziladigan makonga aylanadi.
Joylarga tashriflar chog‘ida qurilish-montaj ishlarining borishi o‘rganilib, rejalashtirilgan tadbirlarni tashkil qilishning turli jihatlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Qurilayotgan obektlarni ishga tushirishni jadallashtirish maqsadida yuzaga kelayotgan barcha masalalar ustida ish olib borish va ularni hal etish bo‘yicha ishlarni faollashtirish topshirildi.
Ishchi guruh viloyatda o‘z ishini davom ettirmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi