O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisini tabrikladi
2022-06-29 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning 65 yillik yubileyi bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, birodar Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Gurbanguli Berdimuhamedovning zamonaviy Turkmanistonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi alohida qayd etildi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik doirasida ikki mamlakatning ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Savdo va sanoat, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari, shu jumladan Afg‘onistonda mustahkam tinchlikni ta’minlashga va ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga ko‘maklashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yetakchisi shu kunlarda Turkmaniston poytaxtida o‘tkazilayotgan oltinchi Kaspiy sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti