O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bakuda tarixiy qaror qabul qilindi: Xiva – 2024-yil Islom dunyosining turizm poytaxti!
2022-06-29 | Turizm
Islom hamkorlik tashkilotining XI sessiyasi doirasida ilk bor O‘zbekiston shaharlaridan biri – Xiva 2024-yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deya eʼlon qilishga doir qaror qabul qilindi.
Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) g‘alabaning asosiy omillari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan turizm sohasida yuritilayotgan ochiqlik siyosati, viza rejimining soddalashtirilishi, madaniy merosni saqlash, tarixiy shaharlarni obodonlashtirish kabi ko‘plab islohotlarni eʼtirof etdi.
Shu o‘rinda Xiva shahrining tarixiy qiyofasi tiklanishi, restavratsiya va konservatsiyaga oid amalga oshirilgan ishlar, qolaversa, elektr ustunlarning demontaj qilingani, sayyohlarning katta oqimini qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar, infratuzilmaning yaxshilangani, 5 yulduzli mehmonxona qurilishi hamda butik-otel va hostellar qurilishi faol davom etayotgani alohida qayd etildi. Bundan tashqari, turizm va unga yondosh sohalar tadbirkorlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar yuqori baholandi.
“Islom dunyosining turizm poytaxti yili doirasida Xorazm viloyatining Xiva shahrida IHTga aʼzo 57 davlatning turizm vazirlari va turistik maʼmuriyatlari rahbarlarining yigʼilishi yuqori darajada o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Islom olami va ziyorat turizmi salohiyatini ochib beruvchi ilmiy-amaliy anjumanlar, fotoko‘rgazmalar va art-ekspozitsiyalar bo‘lib o‘tadi. 2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti bazasida IHT davlatlari olim va tadqiqotchilari ishtirokida taʼlim sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi”, – dedi O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari – Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Аziz Аbduhakimov.
Islom dunyosining turizm poytaxti nominatsiyasiga 5 davlatdan shaharlar nomzodi qo‘yilgan bo‘lib, bular:
Аbu-Dabi (BАА);
Shanliurfa (Turkiya);
Laos (Nigeriya);
Dushanbe (Tojikiston);
Xiva (O‘zbekiston).
So‘nggi yilda bu shaharlar orasida nominatsiyada g‘oliblik uchun shiddatli kurash kuzatildi. Shunga qaramay, O‘zbekistonning bu yo‘nalishda olib borilgan saʼy-harakatlari natijasida Xiva shahrining “Islom dunyosining turizm poytaxti” maqomini olishiga doir qarorga kelinishiga erishildi.
Taʼkidlash joizki, g‘alabaga erishish yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi 2019-yildan buyon tizimli ravishda ish olib bormoqda, yaʼni bu orada Xiva shahri nomzodi kiritilib, IHTga aʼzo davlatlar bilan tegishli ishlar olib borilgan – IHT davlatlarining turistik maʼmuriyati rahbarlari bilan onlayn uchrashuvlar, muzokaralar va taqdimotlarning o‘tkazilishi shular jumlasidandir.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi