O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda Birinchi xalqaro farmatsevtika forumi ochildi

2022-06-15 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 15-iyun kuni “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, shuningdek Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonalari Assosiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Birinchi xalqaro farmatsevtika forumi o‘z ishini boshladi.

Forum mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, farmmahsulotlarni mahalliylashtirish va eksport qilish hajmini oshirish, O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilishga qaratilgan. Tadbir mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar, sohani tartibga soluvchi organlari, sotuvchi tashkilotlar va farmatsevtika bozori mutaxassislari o‘rtasida eng yaxshi tajriba va amaliyot, innovatsion uslub va texnologiyalar almashinuvi uchun platformaga aylanishga mo‘ljallangan.
 
Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan ma'ruzachilar ta'kidlashicha, so‘nggi 5 yil ichida mamlakatimizda mazkur tarmoqda qiymati qariyb 500 million dollarlik 100dan ortiq investitsiya loyihalari ishga tushirildi, ularning 65 tasi xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etilgan. Buning natijasida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,5 barobar, eksport hajmi esa qariyb 5 barobar oshdi. 7 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ma'lum qilinishicha, 2026-yilga borib farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish hamda O‘zbekiston bozorida mahalliy dori vositalari ulushini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
 
Mahalliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda ko‘p yillik ofteyk-shartnomalari (oldindan kelishilgan shartlar asosida kelajakda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan mahsulotlarni sotib olish shartnomasi) asosida kafolatli sotib olish tizimini joriy qilish, erkin iqtisodiy va farmatsevtika zonalarini yaratish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini moliyaviy qo‘llab-quvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, xususan, klinik sinovlarini o‘tkazish, transport xarajatlarini qoplash uchun milliy farmatsevtika korxonalariga subsidiyalar ajratish, xorijiy mamlakatlarda mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlash, shuningdek, GMP (Samarali ishlab chiqarish amaliyoti), GDP (Mahsulotlarni samarali tarqatish amaliyoti) va GPP (Yaxshi dorixona amaliyoti) xalqaro sifat standartlarini hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash tendensiyalari ko‘zatilayotganligi ta'kidlandi.
 
Forumda 100 dan ortiq yetakchi mahalliy va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari vakillari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar, shuningdek yirik dorixona tarmoqlari va distribyutorlar vakillari ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, uning investitsiyaviy va sanoat salohiyatidan samarali foydalanish, qo‘shma korxonalarni tashkil qilish istiqbollari, shuningdek farmatsevtika sohasida intellektual mulkni himoya qilish choralari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, ishtirokchilar pandemiyaning tarmoq rivojiga ta'siri hamda qoviddan keyingi davrda farmatsevtika sanoatining rivojlanishidagi tendensiyalarini muhokama qiladilar.
 
Hamkorlar, xorijiy biznes vakillari va Forum mehmonlari e'tiboriga mahalliy va mintaqaviy bozorlarda yuqori talabga hamda qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan aniq investitsiyaviy takliflar bo‘yicha taqdimotlar havola etildi.
 
Ma'lumot uchun: hozirgi kunda O‘zbekistonda 221 farmatsevtika ishlab chiqarish korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda, 140 dorixona dori – darmon ishlab chiqarishga, 616 tashkilot – farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotishga hamda 15790 dorixona va ularning filiallari dori-darmon va tibbiy mahsulotlarning chakana savdosiga ixtisoslashgan. 2021-yilda mahalliy korxonalar tomonidan 3,8 trillion so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarildi, ishlab chiqarish hajmi esa 2020-yilga nisbatan 20 foizga oshdi.
 
Forum 15 va 16 iyun kunlari o‘z ishini davom ettiradi. 17-iyun kuni Samarqand shahrida Savdo-sanoat palatasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan atoqli o‘zbek olimi Abu Ali ibn Sinoning merosini aks ettiruvchi "Avicenna Heritage" deb nomlangan dorivor o‘simliklar mahsulotlarining Birinchi xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться