O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“S&P” xalqaro reyting agentligi O'zbekiston suveren kredit reytingini “BB-” (barqaror kutilma) darajasida tasdiqladi
2022-06-07 | Iqtisodiyot
“S&P” xalqaro reyting agentligi tomonidan e'lon qilingan hisobotga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingi bahosi “BB-” (barqaror kutilma) darajasida tasdiqlandi.
Agentlik O'zbekistonning suveren kredit reytingini yilda ikki marta qayta baholaydi. Baholash jarayonida tegishli vazirlik va idoralar bilan respublikadagi makroiqtisodiy holat va amalga oshirilayotgan islohotlar batafsil muhokama qilinadi.
Qayd etish lozimki, 2022-yil yanvar-may oylarida xalqaro reyting agentliklari tomonidan 20 ta mamlakatning reyting bahosi yoki reyting kutilmasi pasaytirilgan.
Hisobotga ko'ra, O'zbekiston kredit reytingi bo'yicha “barqaror” kutilmaning saqlab qolinishi nisbatan mustahkam fiskal va tashqi zaxiralari mavjudligi tufayli respublika iqtisodiyoti kelgusi 12 oy davomida tashqi shoklarning salbiy ta'sirini kamaytirish imkoniyatiga egaligini aks ettiradi.
Agentlikning hisob-kitoblariga ko'ra, hukumat likvid aktivlari YaIMga nisbatan 22,5 foizni, foydalaniladigan xalqaro zaxiralar YaIMga nisbatan 38,8 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, mamlakatning sof tashqi kreditor pozitsiyasi va sof davlat qarzi yukining mo''tadilligi respublika kredit reytingini qo'llab-quvvatlovchi omillar sifatida keltirilgan.
Aholi jon boshiga to'g'ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi, monetar siyosatning moslashuvchanligi, hisobdorlik va institutlarning rivojlanish darajasi respublika suveren kredit reytingini hozirgi vaqtda cheklovchi omillar sifatida sanab o'tilgan.
Hisobotda tashqi savdodagi uzilishlar, pul o'tkazmalari va moliyalashtirish manbalarining qisqarishi iqtisodiy o'sish va fiskal konsolidatsiyani sekinlashtirishi sababli 2022 yil uchun real yalpi ichki mahsulot o'sish sur'ati 3,5 foizgacha pasayishi prognoz qilingan.
Shu bilan birga, agentlik tomonidan O'zbekiston tashqi iqtisodiy shok va noaniqliklarga bardosh berishiga va kelgusi yillarda o'sish sur'atlari (2023 yilda - 5 foiz, kelgusi yillarda - o'rtacha 5,5 foiz) tiklanishiga ishonch bildirilgan.
Hisobotda amalga oshirilayotgan investitsiya dasturlari va davlat korxonalarini isloh qilinishi, shu jumladan xususiy sektorning rivojlanishi va biznes muhitining yaxshilanishi iqtisodiy o'sishni qo'llab-quvvatlashga yordam berishi qayd etilgan.
“S&P” xalqaro reyting agentligi 2017 yildan buyon hukumat islohotlar va iqtisodiy modernizatsiya bo'yicha o'z oldiga qo'ygan maqsadlarida sezilarli ravishda ildamlaganini qayd etgan.
Xususan, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar – sud hokimiyati mustaqilligining mustahkamlanishi, so'z erkinligiga qo'yilgan ta'qiqlarni olib tashlanishi, hisobdorlikning oshishi, korruptsiyaga qarshi kurashish, iqtisodiy ma'lumotlar ochiqligi, savdo va valyuta kursi liberalizatsiyasi, davlat korxonalari islohoti va xususiylashtirish rejalari alohida e'tirof etilgan.
Hisobotda davlat qarzi o'rta muddatda barqarorlashishi va, asosan, imtiyozli kreditlardan tashkil topganligi hisobiga davlat qarzi xarajatlarining pastligi keltirib o'tilgan.
Shu bilan birga, O'zbekistonning monetar siyosati ta'sirchanligining keyingi yillarda oshib borayotganligi va bu boradagi eng muhim islohotlardan biri sifatida valyuta kursi liberalizatsiyasi bo'lganligi e'tirof etilgan.
“S&P” reyting agentligi hisobotida O'zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va islohotlar iqtisodiy o'sish salohiyati, fiskal hamda tashqi zaxiralarning oshishiga xizmat qilishini respublika kredit reytingini oshiruvchi omillar sirasiga kiritilgan.
Respublika kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagilar qayd etilgan:
- tashqi savdo va pul o'tkazmalari kamayishi sababli agentlik kutilmalariga nisbatan O'zbekistonning fiskal va tashqi zaxiralari zaiflashsa;
- davlat va moliya sektorining tashqi qarzlari o'sish sur'atlarining mo''tadil darajada saqlanishi bo'yicha agentlik kutilmalaridan farqli o'laroq, mazkur qarzlar tez sur'atlar bilan o'sishda davom etsa;
- iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasi sezilarli darajada oshsa;
- yirik davlat korxonalari moliyaviy holatining zaiflashuvi natijasida davlat shartli majburiyatlari amalga oshsa (ya'ni, hukumat davlat korxonalarining qarzlarini to'lashni boshlasa).
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi