Sardor Umurzakov “Bright Uzbekistan” jurnali tahririyati kengashiga raislik qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov “Bright Uzbekistan” media-loyihasi rahbari Davron Abdullaev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda loyiha muallifi tomonidan jurnalning joriy axborot siyosati va mazmuni, uning O‘zbekistonning xalqaro maydonidagi eksport-import va investitsiyaviy salohiyatini, shu jumladan O‘zbekistonda va boshqa mamlakatlarda bo‘lib o‘tayotgan turli xil sanoat yarmarkalari va ko‘rgazmalarini, xalqaro tadbirlarni, uchrashuv va forumlarni, hukumatlararo komissiyalarning yig‘ilishlarini yoritish va targ‘ib qilishga qaratilganligi haqida taqdimot o‘tkazildi.
Loyihaning respublikaning bir qator vazirlik va idoralari bilan hamkorligi o‘rnatilganligi va bu, o‘z navbatida, birinchi manbalardan axborot olish, biznes va tadbirkorlik sohasidagi eng dolzarb tadbirlarni yoritish imkonini berishi qayd etildi.
Uchrashuv davomida jurnal tahririyati raisi sifatida Sardor Umurzoqov tomonidan bir qator yangi istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi hamda ularni kelgusida amalga oshirish uchun tegishli “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklifi kelishildi.
Shuningdek, Strategik rivojlanish agentligi bilan jurnalning bo‘lajak sonlarining axborot mazmunini shakllantirishda muntazam hamkorlik qilish masalasi muhokama qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi