Malayziya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kamarudin Jaffar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov hamda Malayziya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kamarudin Jaffar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish orqali ikki tomonlama savdo hajmini oshirishga alohida e'tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi korxonalarining eksport salohiyatini oshirish maqsadida halol sertifikatlash standartlarini joriy qilish yo‘nalishida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi havo qatnovlarini qayta tiklash hisobiga o‘zaro turistik oqimlarni ko‘paytirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Tomonlar yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda savdo shartnomalarini tuzish bo‘yicha o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida shu yilning noyabr' oyida Malayziya ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi