Rahbarlar Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan yangi loyihalar bilan tanishishdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining va Vazirlar Kengashining raislari, viloyatlar hokimlari, ularning investitsiyalar va tashqi savdo hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalaridan mas'ul o‘rinbosarlari, vazirlar, ularning o‘rinbosarlari, respublika tashkilot va idoralari, tijorat banklari rahbarlari Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniev bilan birga Farg‘ona viloyatida bo‘ldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 12-13 may kunlari Farg‘ona viloyatiga qilgan tashriflari davomida berilgan topshiriqlarga asosan mehmonlar viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamrohligida viloyatdagi yirik investitsion loyihalar, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallabay ishlash, bog‘dorchilik va uzumchilik sohalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Dastlab Farg‘ona shahridagi “Fergana Global Textile” korxonasini borib ko‘rdilar. Korxona rahbari Muzaffar Razzaqov loyiha qiymati 71 million yevro bo‘lgan ushbu korxona faoliyati haqida ma'lumot berdi. O‘tgan 2021-yilda Mustaqillik bayrami arafasida ishga tushirilgan bu fabrika yiliga 13,5 ming tonna ip-kalava hamda 9 million metr yuqori sifatli mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bugungi kunda 2 200 nafar ishchi va xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. “Fergana Global Textile” tomonidan yiliga 486 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, Ukraina, Rossiya, Xitoy, Turkiyaga 25 million dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.
Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasiga ham tashrif buyurildi. Ilgari toshloq, foydalanilmaydigan yer bo‘lgan bu hududda 7 gektar maydonda ushbu sanoat zonasi tashkil etildi. Bu yerda to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebelsozlik, oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 28 ta loyiha joylashtirilgan. Bugungi kunda ularning 12 tasi ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan. Barcha korxonalarda mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Mehmonlar Oltiariq tumanida Katput MMTP hududidagi ming gektar adirlikda tashkil etilgan uzumchilik va bog‘dorchilik plantasiyasi bilan ham tanishdilar. Avvallari bu joy hech narsa ekilmaydigan quruq yer edi. Suv ta'minotini yetarli yo‘lga qo‘yish uchun 12 ta tik sug‘orish quduqlari qazildi, suv hovuzlari barpo etildi, tomchilab sug‘orish tizimi joriy etildi, nasoslar o‘rnatildi, elektr tarmog‘i tortildi. O‘zlashtirilgan maydonlarning 560 gektarida beton ustunlar o‘rnatilib, tokzor barpo etildi, “xusayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “kishmish” kabi xaridorgir uzum navlari ekildi. Bu uzumzorlar aholiga 25 sotixdan 25 million so‘mlik 7 yillik imtiyozli kredit asosida bo‘lib berilmoqda. 300 gektarlik intensiv bog‘da esa olma, gilos, o‘rik ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Qator oralariga tarvuz ekilgan. Bozor talabiga qarab, qalampir, bulg‘or qalampiri, bodring, ko‘katlar va boshqa poliz mahsulotlari yetishtiriladi.
Bugungi tadbirda nishab adirlikdagi uzumzor va bog‘larda o‘rnatilgan avtomat sug‘orish hamda organik o‘g‘itlash tizimlari, shuningdek bunday loyihalarda ta'minotchilarni hamda fuqarolarni kreditlash jarayonlari haqida to‘la ma'lumot berildi. Meva-sabzavot logistikasi sohasida faoliyat yurituvchi mahalliy tadbirkorlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Keyingi tashrif Rishton tumani Navoiy mahallasida joylashgan sobiq “Badiiy kulolchilik zavodi” negizida tashkil etilgan Kulolchilik mahsulotlari sanoat zonasiga bo‘ldi. Ixtisoslashgan sanoat zonasida umumiy loyiha qiymati 75,8 milliard so‘m bo‘lgan 37 ta chinni va keramika buyumlari ishlab chiqarish va bezak berish korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, 7200 dan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Mehmonlar ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar, tadbirkorlar bilan muloqot qildilar.
Uchko‘prik tumanida 15 gektar maydonda bunyod etilgan Boboshbek Yengil sanoat va logistika markazi ham ko‘zdan kechirildi. Trikotaj mahsulotlariga ixtisoslashgan ushbu majmua 316 ta ishlab chiqarish sexi, 336 ta savdo do‘koni, 560 ta savdo rastasi, shuningdek, 2 ta logistika markazidan iborat. 2021-yil noyabr oyida qurilish ishlari boshlangan majmua qisqa muddatda qurib bitkazilib, 7 ming 700 dan ortiq fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Mehmonlar Buvayda tumanining Qo‘ng‘irot MFY hududida eski bog‘lar o‘rnida jami 22 gektar maydonda barpo etilayotgan mebelchilikka ixtisoslashgan yirik savdo va ishlab chiqarish majmuasi bilan ham tanishdilar. Buvaydada ko‘pchilik usta duradgor. Oilalar o‘z uyida eshik-romlar tayyorlab sotadi. Ularning mahsulotlari Farg‘ona vodiysidan tashqari Toshkent shahri, uzoq viloyatlargacha yetkazib beriladi. Lekin hovlida sharoitlar yetishmasdi. Ob-havo, shovqin noqulaylik tug‘dirardi. Buvaydalik hunarmandlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ushbu mebelsozlikka ixtisoslashgan majmua barpo etildi. Majmuada Bir qavatli binolarda ishlab chiqarish ustaxonalari, ikki qavatli binolarda savdo, ko‘rgazma va maishiy xizmat xonalari joylashgan.
Quva tumanida “Qoraqum” mahallasidagi “Ulug‘ maqsad gullari” gulchilik kooperatsiyasi faoliyati bilan tanishdilar, atirgulchilik bilan shug‘ullanuvchi xonadonlarda bo‘ldilar.
Bu yerda gulchilik kooperatsiyalarini tashkil etish va auksion orqali aholiga biriktirib berish tizimi, shuningdek, atirgul urug‘i, ko‘chatlari va nihollarini yetishtirish hamda parvarishlash agrotexnikasi haqida ma'lumot berildi. Bu yil tumandagi 281 gektar yer maydonlarda gul ko‘chatlari yetishtirish rejalashtirilgan. Hozirgacha ushbu yer maydonlarning 168 gektariga atirgul urug‘i, 81 gektariga atirgul nihollari, 32 gektariga atirgul ko‘chatlari ekilishi ta'minlanib, 5 ta atirgulchilik kooperatsiyalariga biriktirildi. Bir gektar atirguldan yillik 600 million so‘mdan ziyod sof foyda olish mumkin.
Quvasoy shahrida “Uz Segang” MChJ tomonidan 500 gektar maydonda amalga oshirilgan “Zamonaviy bog‘ va tomchilatib sug‘orishni tashkil etish” loyihasi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Qiymati 44 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha doirasida 500 gektar bog‘ plantasiyalari tashkil etilgan bo‘lib, shundan 450 gektar maydonda gilos, 20 gektar shaftoli va 30 gektar o‘rik bog‘lari o‘rin olgan. Bog‘ hududida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan.
Farg‘ona shahrida “Yangi O‘zbekiston” massivining qurilish maydoniga ham borib ko‘rildi. 300 gektarli ushbu massivda 298 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Shundan 80 tasi bu yil tadbirkorlar tomonidan barpo etiladi. Shuningdek, ikkita umumta'lim maktabi, uchta maktabgacha ta'lim tashkiloti, tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, sport majmuasi va masjid quriladi. 50 gektarda tashkil etiladigan kichik sanoat zonasi aholini ish bilan ta'minlashda muhim o‘rin tutadi. Massiv o‘rtasidagi 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” va sun'iy ko‘l tashkil etiladi. Hozirdanoq 10 ming tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan. Jami 21 ming tup ekilishi rejalashtirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar hokimlari, Respublika vazirlik va idoralari rahbarlari, Farg‘ona viloyatida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishishni yakunlab, bugun kech soatlarda jo‘nab ketdilar.
Manba: Jizzах vilоyati hоkimligi