O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Birinchi chorakda IT Park rezidentlari eksporti hajmi 3,5 barobarga oshdi
2022-05-20 | Iqtisodiyot
2022-yil 1-chorak yakunlari bo‘yicha rezidentlar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 814 milliard so‘mni tashkil etdi (taqqoslash uchun: o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 186 foizga o‘sdi).
IT Park rezidentlari eksporti hajmi o‘tgan yilga nisbatan 3,5 baravarga oshib, 17,3 million dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga rezidentlar eksportining 85,2 foizi AQShga, qolgani Buyuk Britaniya, Koreya, MDH mamlakatlari va BAAga to‘g‘ri keladi. 2022-yil oxiriga kelib eksport hajmi 100 million dollarga yetishi kutilmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida IT Park rezidentlari soni 588 ta kompaniyani tashkil etdi, bu o‘tgan chorakga nisbatan 130 foizga ko‘p. Rezidentlar asosan quyidagi sohalarda faoliyat yuritadi:
– dasturiy ta’minot;
– ma’lumotlarni qayta ishlash;
– biznes jarayonlarini avtomatlashtirish;
– IT sohasi va IT eksportini o‘rgatish.
Ta’kidlash joizki, 588 ta kompaniyadan:
– 479 tasi Toshkent shahrida, qolgan 109 tasi viloyatlarda ro‘yxatga olingan;
– joriy yilning 1-choragida 23 ta kompaniya tashkil etildi;
– IT sohasida 73 ta kompaniya ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadi;
– xorijiy kapital ishtirokida 19 ta korxona tashkil etildi;
– eksportga yo‘nalgan 121 ta kompaniyadan 53 tasi ishlanmalar yo‘nalishida faoliyat yuritadi.
Birinchi chorakda 80 ta kompaniya IT Park rezidenti maqomini oldi, shu tariqa, tegishli davrga nisbatan o‘sish sur’ati 200 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, 14 ta kompaniya rezident maqomidan mahrum qilinib, 43 tasiga rezident maqomini olishda rad etildi.
Eslatib o‘tamiz, IT-kompaniyalar va IT o‘quv markazlari IT Park rezidentlari sifatida bir qator muhim imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin:
– daromad solig‘i — 7,5%;
– korporativ soliq (yuridik shaxslar uchun soliq) — 0%;
– yagona ijtimoiy to‘lovlar — 0%;
– o‘z ehtiyojlari uchun tovarlarni olib kirishda bojxona to‘lovlari yo‘q.
Bundan tashqari, berilayotgan imtiyozlar tufayli IT-park rezidentlari tomonidan qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, mamlakatimizda IT-mutaxassislar safi ko‘paymoqda. Shunday qilib, joriy yilning 1-choragi yakuni bo‘yicha rezident korxonalarda 11,8 ming kishi ish bilan ta’minlandi va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qo‘shimcha ish o‘rinlari sonining 184 foizga oshishiga olib keldi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi