O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Isroil davlati turizm vaziri, O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiya hamraisi Yoel Razvozov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda ikki mamlakat tashqi ishlar idoralari va diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tgan suhbat davomida siyosat, iqtisodiyot, investitsiyalar, savdo, madaniyat va turizm sohalaridagi O‘zbekiston-Isroil hamkorligining qator muhim masalalarini muhokama qilindi.
Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, butunjahon va mintaqaviy xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni faollashtirish, xususan, Birlashgan millatlar tashkiloti doirasidagi muloqotni rivojlantirish, shuningdek, turli darajadagi o‘zaro tashriflar sonini ko‘paytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta'kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarning dolzarbligini ta'kidladilar. O‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiyalash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish, bu borada ikki mamlakat tashqi savdo idoralari rahbarlarining o‘rinbosarlaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Isroil kompaniyalarini O‘zbekistonda to‘qimachilik, kimyo va farmasevtika sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va turizm kabi sohalardagi loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Muloqot chog‘ida joriy yilda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Isroil hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishini, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forumni o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘rib chiqilgan barcha sohalarda yaqin va konstruktiv hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdilar hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha keyingi sa'y-harakatlarni kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi