O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar
2022-05-18 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, birodar Qozog‘istonga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston-Qozog‘iston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil boshidan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari barqaror oshib bormoqda. Yaqinda mamlakatlarimiz o‘rtasida temir yo‘lda yo‘lovchi tashish qayta tiklandi.
Kuni kecha O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumat delegatsiyalari o‘tkazgan muzokaralarning amaliy natijalari yuqori baholandi. Qo‘shma kooperatsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
Ikki mamlakat yetakchilari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti