O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqaro moliya institutlari ishtirokida innovatsiyalarni joriy qilish va loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi

2022-05-11 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida Farg‘ona shahridagi studiyadan videokonferensaloqa orqali innovatsiyalarni joriy qilish hamda xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari qatnashdi.
 
Bir qator sohalarda, xususan, mamlakat iqtisodiyotining “drayveri” hisoblangan geologiya, tog‘ - kon va kimyo sanoatida innovasiyalarni joriy qilish yo‘nalishida erishilgan natijalar qayd etildi.
 
Shu bilan birga, yig‘ilish davomida yangi ishlanmalarni yaratish va hayotga joriy qilish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, turli sohalardagi amaliy masalalar va vazifalar yechimini topishga mamlakatimiz ilmiy-tadqiqot muassasalarini jalb qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishni nazarda tutgan holda bir qator tarmoq birlashmalari rahbarlariga innovasion faoliyatni kengaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
 
Innovasiyalarni joriy qilish jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida ixtisoslashtirilgan muassasalarni malakali mutaxassislar bilan ta'minlash, “Global Innovation Index” xalqaro reytingidagi mamlakatimiz ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, ilm-fan va ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizasiyalash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
 
Sanoat va hududlarni innovasion jihatdan rivojlantirishning joriy holatini tahlil qilish hamda yuqori texnologiyali innovasion mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan loyihalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
 
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va oliy ta'lim muassasalari faoliyatini o‘rganish, innovasion rivojlanishga mas'ul bo‘lgan davlat organlari rahbarlari hamda ilm-fan va ta'lim muassasalari rahbarlarining ish samaradorligini baholash topshirildi.
 
Vazirlik va idoralar rahbarlariga 2022-yilda innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritalari”ni tayyorlashni ta'minlash, shuningdek, 2023-yilga mo‘ljallangan innovasion rivojlanish dasturlarini shakllantirish va ko‘rib chiqish uchun taqdim etish topshirildi.
 
Mahalliy hokimiyat organlariga innovasion hududlar sifatida qo‘shimcha tuman (shahar)larni aniqlash hamda 2022-2023 yillarda ushbu zonalarni rivojlantirish bo‘yicha aniq dasturlarni shakllantirish yuzasidan takliflarni kiritish topshirildi.
 
Innovatsion rivojlanish vazirligiga, keyinchalik Respublika rahbariyatiga taqdim etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasini 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Innovasion rivojlantirish strategiyasi loyihasini tayyorlash topshirildi.
 
Yig‘ilishda xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirishning hozirgi holati ham muhokama qilindi. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan 105 loyiha uchun 296 million dollar o‘zlashtirilgani, bu rejalashtirilgan parametrlarning 100 foizini tashkil etgani ma'lum qilindi.
 
Shu bilan birga, suv ta'minoti, gidroenergetika, temir yo‘l transporti va sog‘liqni saqlash sohalarida ko‘rib chiqilayotgan bir qator loyihalar uchun loyihaoldi hujjatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarning borishi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, sanoat sohalarida loyihalarni hayotga joriy etishning amaliy jihatlari muhokama qilinib, bir qator mas'ul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi.
 
Vazirlik va idoralar kesimida joriy yil oxirigacha ishga tushirilishi lozim bo‘lgan 2,4 milliard dollarlik 29 loyihani amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi.
 
Yig‘ilish yakunida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga tegishli loyihalarni o‘z vaqtida hayotga joriy etish va foydalanishga topshirish yuzasidan manzilli topshiriqlar berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться