Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov boshchiligida sektorlar, boshqarma va tashkilotlar, Xalq qabulxonasi rahbarlarining fuqarolar murojatlarini o‘rganish bo‘yicha navbatdagi sayyor qabuli Jarqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tdi.
Jarqo‘rg‘on tumanining “Nurli diyor” mahallasidagi tekistil' fabrikasida o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabul davomida 300 ga yaqin aholi murojaatlari tinglandi.
Fuqarolardan asosan ish bilan ta'minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uy-joy, yo‘llarni ta'mirlash, gaz, suv va elektr ta'minoti, ta'lim, sog‘liqni saqlash, tijorat banklariga oid va boshqa masalalarda murojaatlar kelib tushdi.
Endilikda sayyor qabullarda shaxsiy muammolardan ko‘ra, jamoaviy, ijtimoiy hamda tadbirkorlik bilan bog‘liq murojaatlar soni ortib bormoqda. Bu, avvalo, odamlarimizning ruhiyati hamda dunyoqarashi, hayotga, o‘z mehnatining natijasiga munosabati o‘zgarayotganidan dalolatdir.
Shu tariqa Jarqo‘rg‘onda o‘tkazilgan qabulda har bir murojaatchining masalasi ular ishtirokida shu yerning o‘zida ko‘rib chiqildi, zarur chora-tadbir belgilandi. Zero, xalqning dardu tashvishi bilan yashash eng asosiy maqsad bo‘lib, uning ro‘yobi yurtimiz ravnaqiga, uning yanada gullab-yashnashiga, fuqarolarning tinch, osuda, farovon hayot kechirishlarini ta'minlashga xizmat qiladi.
Manba: Surхоndаryo vilоyati hоkimligi