Andijon viloyatini kompleks rivojlantirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
Andijon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligidagi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining Andijon viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bugungi holati va uni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyatning tuman va shaharlaridagi vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari qatnashdi.
Hukumat komissiyasining viloyatga amalga oshirilgan oldingi tashrifi davomida berilgan ko‘rsatmalar ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Mutasaddi rahbarlar bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berib, ayni paytda ochiq qolayotgan masalalar xususida gapirib o‘tdilar. Har bir masala bo‘yicha ijro muddatlari aniq belgilangan manzilli yechimlar ishlab chiqildi.
Uchrashuv davomida 304 ta muammoli masala muhokama qilindi, shu jumladan kredit resurslarini ajratish, ilgari berilgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlar muddatlarini uzaytirish, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish, yer uchastkalari, bo‘sh bino va inshootlarni ajratish, ilgari to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini qaytarish, zarur ruxsatnomalar va sertifikatlar olish va boshqalar. 57 ta muammoli masala tegishli vazirlik, idora, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlarini jalb etgan holda bevosita yig‘ilishning o‘zida hal etildi.
Qolgan 247 ta masalalar yechimlari bo‘yicha aniq algoritmlar ishlab chiqilib, mutasaddi rahbarlarga tegishli amaliy chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan manzilli ko‘rsatmalar berildi.
Boshqa choralar qatorida ishlab chiqarishni to‘xtatgan yoki to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan korxonalar faoliyatini tiklash orqali viloyatning sanoat salohiyatini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Tegishli tuzilmalar rahbarlariga viloyatdagi mavjud barcha masalalar yechimini zudlik bilan ta'minlash hamda sanoat ishlab chiqarish faoliyati monitoringini tizimlashtirish vazifasi yuklatildi.
Qo‘shilgan qiymatga ega yuqori texnologiyali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish qo‘lamini kengaytirish dolzarbligi alohida ta'kidlandi.
Shuningdek, Andijon viloyatini tarmoqlar, tuman va shaharlar kesimida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha istiqbolli g‘oya va takliflar ko‘rib chiqildi.
Bildirilgan takliflarni amalda bajarish mexanizmlarini maromiga yetkazish, viloyatda investitsiyaviy, sanoat va eksport faoliyati ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlarga berilgan topshiriqlarni samarali amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi